Ispaniya Toshkentda elchixona ochadi
Olam
−
02 dekabr 2022
5283Ispaniya Toshkentda o‘z elchixonasini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 1 dekabr kuni Polshaning Lodz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Ispaniya Qirolligi Tashqi ishlar, Yevropa Ittifoqi va hamkorlik vaziri Xose Manuel Albares Bueno o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z borgan.
Muloqotda O‘zbekiston va Ispaniya tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari O‘zbekiston-Ispaniya ko‘p qirrali hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Ispaniyani Yevropadagi ishonchli va istiqbolli hamkor deb biladi va rasmiy Madridning yaqin kelajakda Toshkentda elchixona ochish rejalarini olqishlaydi.
Tomonlar joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Ispaniya siyosiy maslahatlashuvlarining yettinchi raundining samarali natijalarini qayd etib, ushbu shakldagi muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
“Tashqi iqtisodiy aloqalar ko‘rsatkichlarini oshirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, qo‘shma istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekiston bozori imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida Ispaniyaning yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan aniq takliflar ko‘rib chiqildi”, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri xabarida.
Vazirlar turizm, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ham fikr almashgan.
LiveBarchasi