Ispaniya Bosh vazirini olib ketayotgan samolyot favqulodda Anqaraga qo‘ndi
Olam
−
04 may 4179 1 daqiqa
Kecha, 3 may kuni Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchezni olib ketayotgan samolyot Madriddan Armaniston poytaxti Yerevanga uchayotgan paytda texnik nosozlik sabab Anqaraga favqulodda qo‘ndi. Bu haqda Ispaniyaning rasmiy EFE axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti yig‘ilishida ishtirok etish uchun ketayotgan Sanchezning rasmiy Airbus A310 samolyoti texnik nosozlik yuzaga kelgani sabab Anqaraga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Nosozlik jiddiy emas deb baholangan, biroq xavfsizlik protokollariga amal qilingan. Sanchez Anqarada tunab qolgan va bugun, 4 may kuni ertalab Yerevanga yo‘lini davom ettirgan.
Bundan avval ham Sanchez xuddi shunday holatni boshdan o‘tkazgan. 2025 yil 4 sentyabr kuni u Parijda Ukrainaga bag‘ishlangan yig‘ilishni samolyot nosozligi sabab o‘tkazib yuborgan edi.
O‘sha paytda u uchayotgan samolyot texnik muammo sabab parvoz o‘rtasida Madridga qaytgan va Sanchez yig‘ilishda masofadan turib ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze uchayotgan samolyot ekipaj a’zolaridan birining tobi qochgani sababli AQSHga favqulodda qo‘ngandi.