Ispaniya hantavirus tarqalgan kemani qabul qiladi
Olam
−
13:58 767 2 daqiqa
Ispaniya bortida hantavirus tarqalishi kuzatilgan Niderlandiyaga tegishli MV Hondius kruiz kemasini qabul qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda “El Confidencia” nashri yozmoqda.
Madrid Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan yuborilgan va Yevropa Ittifoqi bilan kelishilgan so‘rovni ma’qullagan. Hozirda kema Kabo-Verde hududida langar tashlab turibdi.
Dastlab vaziyatni Yevropa kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi baholab chiqadi. Shu asosda Kabo-Verde hududidan kimlarni zudlik bilan evakuatsiya qilish kerakligi aniqlanadi. Qolgan yo‘lovchilar esa safarni davom ettirib, Kanar orollariga yo‘l oladi. Kemaning u yerga 3–4 kun ichida yetib borishi kutilmoqda, ammo aynan qaysi portga kirishi hozircha aniq emas.
Kema yetib kelgach, barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, zarur yordam ko‘rsatiladi va keyinchalik o‘z davlatlariga yuboriladi.
Shuningdek, Ispaniya Niderlandiya tomonidan yuborilgan iltimosni ham qabul qilib, og‘ir ahvolda bo‘lgan shifokorni zudlik bilan Kanar orollariga tibbiy samolyot orqali olib kelishga rozi bo‘lgan.
Kema bortida jami 147 kishi bor. JSST ma’lumotiga ko‘ra, ulardan 7 kishi hantavirus yuqtirgan: 3 nafari vafot etgan, yana 1 nafari og‘ir ahvolda. Ushbu virus odatda kalamushlar yoki boshqa kemiruvchilar bilan bevosita aloqa qilish yoki ularning chiqindilari orqali odamlarga yuqadi.
Ma’lum qilinishicha, kema ekipaji tarkibida bir nafar Rossiya fuqarosi ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning Aomori prefekturasida parranda grippi avj olgani sababli 230 ming bosh tovuq yo‘q qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi