Isoqjon domla lavozimidan ozod etildi

Jamiyat

image

Xalq orasida “Isoqjon domla” deb tanilgan Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 25 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ichki nazorat komissiyasi tomonidan Isoqjon Begmatovning ijtimoiy tarmoqlardagi bir qator chiqishlari keng muhokama qilingan.

Komissiya a’zolari tomonidan imom-xatibning turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan hissiyotga berilib qilgan keskin chiqishlari, ulamolar fatvolariga nisbatan ayrim teskari fikrlari, ixtilofli masalalarni ko‘tarishi oqibatida, nizo va qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgani qattiq tanqid ostiga olingan.

“Ichki nazorat komissiyasi avval ham ushbu imom-xatibning mana shunday chiqishlarini bir necha bor ko‘rib chiqib, uni jiddiy  ogohlantirgan edi. Afsuski, bunday holatlar yana takrorlanishda davom etdi.

Yig‘ilishda Isoqjon Begmatovning mazkur chiqishlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmasligi, balki uning o‘zbilarmonlik ila aytgan shaxsiy fikr-mulohazalari ekani ta’kidlandi.

Isoqjon Begmatov ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan chiqishlarida jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini e’tirof etdi va pushaymonligini bildirdi”, deyiladi Musulmonlar idorasi xabarida.

Bildirilishicha, ichki nazorat komissiyasi qaroriga asosan imom-xatib mazkur chiqishlarida ushbu yo‘nalishdagi buyruqlar talablari, ichki tartib-qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga muntazam ravishda rioya etmagani uchun Isoqjon Begmatov Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasidan ozod etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston musulmonlari idorasida tuzilgan Ichki nazorat komissiyasi diniy soha xodimlari faoliyatini tartibga solish, kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlarga ta’sir choralarini qo‘llash va halol-pok xizmat qilayotganlarni rag‘batlantirish kabi vakolatlarga egadir.


Maqola muallifi

Teglar

Isoqjon Begmatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar