Islomofobiya: dushman izlaganlar topgan xavf
Tahlil
−
19 aprel 8821 7 daqiqa
Din, madaniyat va g‘oyalar o‘rtasidagi tafovut ortidan jamiyatlarda o‘zaro bir-birini inkor etish va toqatsizlik namoyon bo‘ladi. Shunday tendensiyalar oqibatida o‘z madaniyatini eng yuqori deb bilish va boshqalarni kamsitishni anglatuvchi “'etnotsentrizm”; bir irqni boshqasidan ustun deb bilish va irqiy kamsitishni anglatuvchi “rasizm”; chet ellik va o‘zga madaniyat vakillariga nisbatan qo‘rquv yoki nafratni anglatuvchi “ksenofobiya” kabi tushunchalar paydo bo‘lgan. Bunday tushunchalarning eng xavfli va keng tarqalgani diniy toqatsizlikni anglatuvchi “fobiya”lardir. Xususan, dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ortiq inson e’tiqod qiladigan islom diniga nisbatan toqatsizlik oqibatida “islomofobiya” tushunchasi keng tarqalgan. Umuman olganda “xristianofobiya” (nasroniy diniga toqatsizlik), “antisemitizm” (yahudiy diniga toqatsizlik) kabi islomdan boshqa dinlarga nisbatan ham nafrat yoxud qo‘rquvni anglatuvchi atamalar ham mavjud. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2025 yil 24 mart kungi №03-07/1905 sonli xulosasi asosida tayyorlangan mazkur maqolada islomofobiya va uning tarixiy ildizi va zamonaviy sabab hamda oqibatlari haqida so‘z boradi.
Islomofobiya nima va u qanday paydo bo‘lgan?
Dastlab mavzuga oid bir necha kichik ma’lumotlarga to‘xtalsak. Islom diniga e’tiqod qiluvchilar son jihatdan dunyoda nasroniylikdan (31%) keyin ikkinchi o‘rinda (24%) turadi va Yerdagi mavjud 8 milliard aholining 2 milliarddan ortig‘i musulmon hisoblanadi. 2025 yil holatiga ko‘ra, quyidagilar eng ko‘p musulmon aholi istiqomat qiladigan beshta davlatdir:
- Indoneziya – 242,7 million;
- Pokiston – 240,7 million;
- Hindiston – 200 million;
- Bangladesh – 150,8 million;
- Nigeriya – 97 million.
Aytish mumkinki, islomofobiya – islom dini va ta’limotiga qarshi kayfiyat sifatida namoyon bo‘lib, keng ommaning irratsional (asossiz) fobiya, islomdan qo‘rqish va unga nisbatan salbiy munosabat, dinning o‘ziga xos qadriyat va an’analari, musulmonlarning hayot tarzi haqida yetarli tushunchalarga ega bo‘lmay, salbiy tasavvur paydo bo‘lishi hisoblanadi.
Islom va musulmonlarga nisbatan fobiya haqida gap ketar ekan, azal-azaldan din va xalqlarning qarama-qarshi g‘oya va manfaatlari tufayli o‘zaro nizo hamda nafrat mavjud bo‘lganini ta’kidlash joiz. Xuddi shuningdek, islom va musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat islomofobiya atamasidan ancha oldin paydo bo‘lgan, deyish mumkin. Masalan, britaniyalik jamiyatshunoslar Robert Maylz va Malkolm Braunning “Irqchilik” (Racism) nomli tadqiqotida qayd etilishicha, Yevropaning islom haqidagi tasavvuri XII-XIII asrlarda yaxlitlashib, musulmonlar “vahshiy, axloqsiz va zolim” o‘laroq tasvirlangan. Bundan tashqari, tadqiqotda XVII asr oxirlaridan boshlab musulmonlar Yevropa ichida ortiq tashqi tahdid sifatida qabul qilinmagani, faqatgina madaniy xilma-xillik tufayli tafovutlar bo‘lgani aytiladi. Shuningdek, mualliflar
“XX asr oxiriga kelib asossiz ravishda islomning zo‘ravon va tahlikali din sifatida qabul qilinishi yana jonlandi hamda 2001 yil voqealaridan so‘ng kuchayib ketdi”, deya yozadi tadqiqotda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Aziza Nosirova QALAMPIR.UZ bilan suhbatda islomofobiya nafaqat shaxsiy darajadagi salbiy munosabat, balki ijtimoiy, siyosiy va huquqiy ko‘rinishlarda ham namoyon bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quyidagilar islomofobiyaning asosiy jihatlari hisoblanadi:
- Stereotip va noto‘g‘ri tasavvurlar – islom dini zo‘ravonlik yoki radikalizm bilan bog‘langan holda ko‘rsatiladi.
- Diskriminatsiya va huquqbuzarliklar – musulmonlar ishga qabul qilinmasligi, ularning diniy amallariga to‘sqinlik qilinishi.
- Asossiz qo‘rquv – islom haqida yetarli bilimga ega bo‘lmagan odamlar undan qo‘rqadi yoki uni begona deb hisoblaydi.
- Ommaviy axborot vositalari ta’siri – musulmonlar haqida salbiy axborot tarqatish, ularni tahdid sifatida ko‘rsatish.
Mutaxassis ta’kidlaganidek, islomofobiya kuchayishida media ham katta rol o‘ynaydi. Bu borada amerikalik tilshunos Noam Xomskiy shunday degan edi:
“Agar OAVni nazorat qilsangiz, jamiyat ongini nazorat qilasiz”.
Axborot asrida media orqali odamlar ongiga ta’sir o‘tkazish yana ham osonlashdi. Kun davomida qabul qilinayotgan ma’lumotlar sekinlik bilan inson shuuriga singib boradi. Afsuski, mediasavodxonlik va faktlarni tekshirish (factchecking) madaniyati (aksar media mahsuloti iste’molchilarida) shakllanmagan. Oqibatda jamiyatlar o‘rtasida yuqoridagi kabi turli keskin fikr va fobiyalar kuchaymoqda. Birgina kino sanoatini oladigan bo‘lsak, bir necha o‘n yilliklar davomida takrorlanuvchi bir xil ssenariylar ko‘pchilik fikrini shakllantirishda katta hissa qo‘shganini inkor etib bo‘lmaydi. Shuningdek, sodir etilgan jinoyatlarda umumlashtirish, ya’ni bir kishi qilgan xatosi uchun uning xalqi, vatani va dinini ayblash qanday oqibatlarni keltirib chiqarishiga butun dunyo guvoh bo‘lmoqda. Jamiyatshunos Navid G‘ani OAVning islomofobiyaga ta’siri haqida yozar ekan, musulmonlar qilgan jinoyatlar bo‘rttirib ko‘rsatilishi, ular jabrlanuvchi bo‘lgan holatlarda esa aksi qilinishini ta’kidlagan.
“Ommaviy axborot vositalari turli jinoyatlarga nisbatan turlicha yondashadi. Buni musulmonlarni terrorizm bilan bog‘laydigan stereotip va ommaviy axborot vositalarining shunday tasavvurni mustahkamlashdagi roli o‘laroq tushunish mumkin”, deydi u.
Aziza Nosirovaning aytishicha, islomofobiya jamiyatga ma’lum kuchlar tomonidan targ‘ib qilinib, islomning nufuzini qadrsizlantirishga urinish, uning asl ezgulik g‘oyalari, tinchlik va taraqqiyotni targ‘ib qiluvchi din sifatidagi o‘rnini e’tiborsiz qoldirish holatlarida ham namoyon bo‘ladi.
“Aslida esa, islom dini va asrlar mobaynida nafaqat musulmonlarga, balki Yer yuzidagi barcha din vakillariga ulkan madaniy-ma’naviy meros bilan birgalikda ijtimoiy tenglik hissini taqdim etdiki, u hozirgacha ham jamiyat farovonligi uchun xizmat qilib kelmoqda. Jumladan, islom ma’naviyati barcha millat, elat vakillariga tinch-totuv hayot kechirishda ijtimoiy munosabatlarning barqaror ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lib, buning asosida islom ta’limoti odob-axloq me’yorlarining hissasi katta”, deydi u.
Islomofobiyaga qarshi kurash
2022 yilda BMT va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo 60 ta davlat homiyligida 15 mart sanasi “Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni” deb belgilangan. Qabul qilingan rezolyutsiyada terrorizm va ekstremizmni hech qanday din, millat, sivilizatsiya yoki etnik guruh bilan bog‘lash mumkin emasligi ta’kidlangan.
Yevropa Komissiyasi (YeK) ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan tayyorlangan “Yevropa Ittifoqida musulmon bo‘lish” nomli 2024 yilgi hisobotda HAMAS va Isroil o‘rtasidagi keskin harbiy vaziyat oqibatida YeIda musulmon jamoalariga qarshi tahdid va nafratning oshgani qayd etilgan. Shundan so‘ng YeK musulmonlarga qarshi nafrat va kamsitishga qarshi kurash bo‘yicha koordinator, maxsus vakil, elchi va boshqa rasmiy vakillarning qo‘shma bayonotini imzolagan.
Ko‘pgina mamlakatlarda islomofobiyaga qarshi kurash maqsadida huquqiy va ma’rifiy ishlar ham olib boriladi. Huquqiy chora sifatida diniy kamsitishlarga qarshi qonunlar qabul qilinayotgan bo‘lsa, ma’rifiy chora o‘laroq esa islom haqidagi noto‘g‘ri tushunchalar bilan kurashish uchun turli ta’lim dasturlari, konferensiya va tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.
Fobiya faqat Islomdan emas…
Yuqorida ta’kidlanganidek, dinlarga nisbatan mavjud nafrat va qo‘rquv faqat Islomni nazarda tutmaydi. Jumladan, xristianafobiya, antisemitizm va hindufobiya kabi tushunchalar ham mavjud va quyida ular bilan tanishamiz.
Xristianofobiya. Nasroniylarga nisbatan nafrat yoki dushmanlik munosabatida bo‘lishni anglatuvchi mazkur tushunchani islomafobiya kabi keng tarqalgan deb bo‘lmaydi, albatta. Shuningdek, ta’kidlash kerakki, bugungi dunyoda xristianlar duch kelayotgan nafrat nisbatan yengil ko‘rinishi mumkin. Biroq xristianofobiya kelajakdagi yomonroq holatlarning debochasi bo‘lishi mumkin. Hozirda dunyoda xristianofobiyaning bir necha misollari uchraydi. Masalan, o‘z e’tiqodiga sodiq qolishni istagan xristianlar ba’zi kasblarga nomunosib deb topilmoqda. Misol uchun, bir jinslilar nikohiga qarshi bo‘lgan xristian gul sotuvchilari, tantanalar o‘tkaziladigan joy egalari va davlat amaldorlari inson huquqlariga qarshilik qilishda ayblanib, jazoga tortilmoqda. Shuningdek, diniy nuqtai nazardan abortga qarshi bo‘lish ayollarga nisbatan adolatsizlik deb talqin qilinmoqda. Qolaversa, bolalarni Injil ta’limoti asosida tarbiyalashni istagan nasroniylar miyani yuvish va boladan tanlov huquqini olib qo‘yishda ayblanmoqda.
Antisemitizm. Yahudiylarga nisbatan nafrat yoki ularni kamsitishni anglatuvchi bu atama 1800 yillar oxirida nemis tilida “Antisemitismus” sifatida paydo bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, natsistlar Germaniyasi shu tushuncha asosida 1933 yildan 1945 yilgacha olti million yevropalik yahudiyni tizimli ravishda qirg‘in qilgan.
Hindufobiya. Bu atama Sanatan Dharma (hind dinlari) va hindlarga qarshi haqoratli munosabat hamda xatti-harakatlarni anglatadi. Ushbu tushuncha hindlarning ta’qib va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan tarixini inkor etib, ularni nomutanosib ravishda tajovuzkor o‘laroq tasvirlaydi. Bunday stereotiplar mahalliy hind an’analari yo‘qotilib, tashqaridan majburan isloh qilinishini asoslash uchun ishlatiladi. Hindufobiya mayda haqoratli harakatlardan tortib genotsidgacha bo‘lgan keng ko‘lamni qamrab oladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, shaxsiy va siyosiy manfaatlar yo‘lida ma’lum dinlarga nisbatan asossiz nafrat uyg‘otish nafaqat diniy erkinlikka raxna solishi, balki davlatlararo nizoga ham olib kelishi mumkin. Bunday tushunchalar ko‘pincha stereotiplar, siyosiy manipulyatsiya va noto‘g‘ri axborot tarqalishi oqibatida yuzaga keladi. Shuning uchun o‘zga dinlarga nisbatan toqatlilik va tushunish madaniyatini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa ta’lim, OAV mas’uliyati va jamiyatlar ochiq muloqoti orqali amalga oshishi mumkin.
Live
Barchasi