Oliy darajadagi O‘zbekiston-Pokiston muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
05 fevral 900 3 daqiqa
Bugun, 5 fevral kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada muzokara hamda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston rahbari uchrashuv avvalida Bosh vazirni yaqinlashib kelayotgan muqaddas Ramazon oyi va Pokiston kuni bayrami bilan tabriklagan.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilingan.
So‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Siyosiy muloqot mustahkamlanib, parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar jadal rivojlanmoqda.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi salkam 500 million dollarga yetgan. O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paydi. Banklararo korrespondentlik munosabatlari mustahkamlanmoqda.
To‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Tomonlar ushbu tashrif arafasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar va Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining natijalarini olqishlagan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston sanoat mahsulotlarining ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.
Ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining birinchi yig‘ilishini yaqin kunlarda Toshkentda o‘tkazish zarurligi ta’kidlangan.
Ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Amaldagi Imtiyozli savdo bitimi doirasidagi mahsulotlar turini, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalari ro‘yxatini yanada kengaytirish hamda O‘zbekistonning Lahor va Karachidagi savdo uylaridan faol foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, geologiya, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalarda qariyb 3,5 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirilgan.
.jpg)
Transport va logistika aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligi ta’kidlangan.
Ikki mamlakat hududlarining o‘zaro aloqalari iqtisodiy hamkorlik rivojining asosiy drayverlaridan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etishga kelishilib, uning birinchi uchrashuvini shu yil Xorazm viloyatida o‘tkazish taklifi bildirilgan.
Ziyorat turizmi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari alohida muhokama qilingan. Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida joriy yilda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazishga kelishib olingan.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari Boburiylar merosini targ‘ib qilish uchun Lahorda qo‘shma madaniyat markazini tashkil etishni taklif qilgan.
Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qat’iy intilish bildirilgan.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev Shahboz Sharifni javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Pokistonda “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurib, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazgani va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dorni qabul qilgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Pokiston Bosh vazirining qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.