Islom Karimovning suratlari ko‘rgazmasi ochildi. Tatyana Karimova marosimga qo‘ltiqtayoqda keldi
Jamiyat
−
28 yanvar 2020
25691O‘zbek xalqining suyukli farzandi, buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov hayot bo‘lganda, bu yil 82 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Avval xabar berganimizdek, kecha, 27 yanvar kuni Islom Karimov xotira haftaligi tadbirlari boshlandi.
Bugun, 28 yanvar kuni Toshkent fotosuratlar uyida “Islom Karimov: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” nomli fotoalbom taqdimoti o‘tkazildi.
Fotoalbomga Islom Karimovning shaxsiy fotografi Farhod Qurbonboyev va Timur Qurbonboyev tomonidan olingan suratlar jamlangan. U turli davrlarni qamrab oladi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova ishtirok etdi. Uning biroz tobi yo‘q ko‘rinadi. Tatyana Akbarovna marosimga qo‘ltiqtayoqda keldi.
Marosimda Tatyana Karimova nutq so‘zlab, turmush o‘rtog‘i Islom Karimovni xotirladi:
“Xalqiga mehr muhabbat Islom Abdug‘aniyevichning qalbidan chuqur o‘rin egallagan edi. Bu tabarruk zaminda yashovchi odamlarni xuddi oila a’zolaridek yaqin ko‘rib, qadrdonidek ardoqlar edi. Tunu-kun oddiy insonlarning hayoti, quvonchi tashvishlari bilan yashagan Islom Abdug‘aniyevich uchun bundan-da oliy saodat, maqsad bo‘lmagan. Zotan, o‘zi ham sodda, begidir, gohida zohidlardek qanoatli va mudom kamtarin inson edi. Buyukligi esa, ulug‘ va ezgu amallarida zohir bo‘lgan. Mustaqil davlatning yetakchisi sifatida u el-yurt manfaatlarini xalqaro darajada, eng yuqori minbarlardan turib qat’iy himoya qilish qudratiga ega, chuqur mushohadali, uzoqni ko‘ra biluvchi, tanlagan yo‘liga sodiq siyosiy arbob sifatida o‘zini ko‘rsata olgan”.
Tadbirda fotoalbomning mualliflari Farhod Qurbonboyev va Timur Qurbonboyev ham ishtirok etdi. Ko‘p yillar mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning fotosuratchisi bo‘lgan Farhod Qurbonboyev ko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlarning tarixiga oid voqealar haqida gapirdi. Unga ko‘ra, fotojamlanmadagi har bir suratning o‘z tarixi bor, hech bir surat shunchaki olingan emas.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr