Islom Karimovga suiqasdni tashkil etishda qatnashgan terrorchiga sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download
23 yillik sir. Islom Karimovga suiqasd qanday amalga oshirilgandi? north_east

23 yillik sir. Islom Karimovga suiqasd qanday amalga oshirilgandi?

Bugun, 23 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 16 fevral voqealari ishtirokchisiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi B.Berdiyev raisligida ko‘rib chiqilgan. 

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi – 1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan J.Yu. Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 161-moddasi (qo‘poruvchilik), 164-moddasi (bosqinchilik), 223-moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish), 242-moddasi (jinoiy uyushma tashkil etish) hamda 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qayd etilishicha, hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan boshlab, yigirma sutka ichida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishga haqlidir.

Eslatib o‘tamiz, “Turkiston islom harakati” (TIH) xalqaro terroristik tashkiloti a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgani sabab 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Yu.J. ismli shaxs Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan 2020 yilning sentyabr oyi oxirida qo‘lga olingan edi. 

1998 yilning boshlarida Rossiyaning Checheniston Respublikasiga borib, iordaniyalik Amir Xattob tomonidan tashkil qilingan jangarilar lagerida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘sha yilning oxirlarida Afg‘onistondagi TIH xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilgan.  

U 1999 yilning yanvar oyida tashkilot yetakchilarining ko‘rsatmasi bilan aylanma yo‘llar orqali Toshkent shahriga kelib, badavlat odamlarning uylarida bosqinchiliklarni amalga oshirgan hamda ularning pul va qimmatbaho buyumlarini o‘zlashtirib, Afg‘onistondagi TIH yetakchilariga yuborgan. 

Mazkur shaxs 1999 yilning 16 fevral va 30 mart kunlari Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ham ishtirok etgan. Shuningdek, 1998-2006 yillarda xorijiy davlatlardagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashgan. 

Ma’lumot o‘rnida, 1999 yilning 16 fevral kuni Toshkentda bir qancha qo‘poruvchilik harakati ro‘y bergandi. Toshkent osmonini qora tutun qoplagan o‘sha mudhish kundagi terrorchilik harakatlari faqatgina mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi harakat emas, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga suiqasd ham edi.

Shu kuni poytaxt Toshkentning turli hududlarida, jumladan Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar yuz bergan. Ularda 16 nafar kishi qurbon bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

905

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing