Adliya vazirligi abituriyentlarning imtihonlar uchun pul to‘lashiga qarshi
Jamiyat
−
18 aprel 2019
5936Adliya vazirligi Davlat test markazi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yilgan “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bo‘yicha o‘z xulosalarini berdi.
Adliya vazirligi unda loyiha bo‘yicha bir qator takliflar va e’tirozlar bildirgan. Xususan:
Birinchidan, darsliklar masalasiga aniqlik kiritish talabi qo‘yildi. “Loyihada 11 yillik ta’limni maktabda olgan abituriyentlar uchun 10 va 11-sinf darsliklari, akademik litsey bitiruvchilari uchun – akademik litsey darsliklari asosida imtihon o‘tkazilishini hamda imtihonga tavsiya etiladigan darsliklar aniq ro‘yxatini belgilashni (har uch/to‘rt yilda tasdiqlanadigan asosiy darsliklar doirasida (alternativ (muqobil) darsliklar bundan mustasno) nazarda tutuvchi aniq mezonlarni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risidagi topshiriq loyihada aks ettirilishi shart” deyiladi vazirlik xulosasida.
Shuningdek, DTMga imtihonda beriladigan, murakkab bo‘lmagan, sodda ko‘rinishdagi namunaviy savollarni tuzish mezonlarini ishlab chiqish talabi qo‘yilmoqda.
Ikkinchidan, test topshirish uchun to‘lov masalasi qayta ko‘rib chiqilishi kerak. “2-bandning ikkinchi xatboshisida test sinovlarida ishtirok etish uchun eng kam ish haqining bir baravariga teng miqdorda yig‘im undirilishi qayd etilmoqda. Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga ko‘ra, har kim bilim olish huquqiga ega. Bilim olish huquqi har qanday shaxsning moddiy va jismoniy imkoniyatlaridan qatiy nazar, ularning ta’lim olishi uchun bir xil imkoniyatni nazarda tutadi. Shu bois bir baravar miqdorda to‘lov undirish maqsadga muvofiqligini mazkur norma asosida, shuningdek ushbu masala aholi o‘rtasida noroziliklar yuzaga kelishi mumkinligini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq” deyiladi vazirlik xulosasida.
Uchinchidan, DTM vakolatlari kengaytirilishi maqsadga muvofiq emas. Ya’ni ushbu qaror loyihasidan ko‘zlangan maqsadga. Adliya vazirligi “loyihaning tartibga solish predmeti bo‘lmagan 6-band ortiqcha sifatida chiqarib tashlanishi lozim” degan xulosani bergan. Ushbu bandda DTMning vakolatlarini kengaytirish, xususan, uning direktorini lavozimiga ko‘ra vazirga tenglashtirish, rahbarga Davlat test markazi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqini berish nazarda tutilgan.
To‘rtinchidan, korrupsiyaga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqlar to‘ldirilishi lozim. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosalariga ko‘ra, loyihada 2 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish belgilangani holda, mazkur sertifikatni berish tartibi va uning huquqiy oqibati bilan bog‘liq masalalar bayon etilmagan. Amalga oshirilishining aniq mexanizmiga ega bo‘lmagan normalar huquqni tartibga solishdagi bo‘shliqlarni paydo qiladi va bu o‘z navbatida korrupsiyaga yo‘l ochadi. Shu sababli Adliya vazirligi ushbu sertifikatni berish tartibini ishlab chiqish va uning huquqiy oqibatlarini aniq bayon etish lozimligini ma’lum qilmoqda.
Beshinchidan, jamoatchilik fikri e’tiborga olinishi kerak. Adliya vazirligi regulation.gov.uz portalida fuqarolarning ushbu loyiha bo‘yicha bildirgan taklif va mulohazalarini har tomonlama, sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishni ta’kidlagan va o‘z xulosalariga ushbu fikr-mulohazalardan qo‘chirmalarni ilova qilgan.
Adliya vazirligining mazkur talablari asosida DTM loyihani qayta ko‘rib chiqishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.
LiveBarchasi