Islom birdamligi o‘yinlari: Matniyozova va To‘raboyev oltin medalni qo‘lga kiritdi
Sport
−
16 avgust 2022
5594Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tayotgan V Islom birdamligi o‘yinlari davom etmoqda. Bugun, 16 avgust kungi bellashuvlarda bir qator o‘zbekistonlik dzyudochilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasining yetakchilaridan biri Gulnoza Matniyozova Islom birdamligi o‘yinlarida chempionga aylandi. -70 kg vazn toifasining final bellashuvida Matniyozova tunislik Nihel Landolsiga qarshi kurashib, g‘alabani tantana qildi. Shuningdek, -70 kg vazn toifasida bahs olib borgan Shohista Nazarova ham musobaqadan medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Nazarova bronza medali uchun kechgan bahsda eronlik Maryam Barbatdan ustun keldi.
Qayd etish joizki, bugungi bellashuvlarda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ham yaxshi ishtirok etdi. Muzaffarbek To‘raboyev Islom birdamligi o‘yinlarining chempioniga aylandi. -100 kg vazn toifasida bahs olib borgan To‘raboyev finalda 68 soniya ichida Rio-2016 finalchisi – ozarbayjonlik Elmar Gasimovni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
-81 kg vazn toifasida bronza medali uchun bahs olib borgan Sharofiddin Boltaboyev ozarbayjonlik azaliy raqiblaridan biri Zelim Tkayevni mag‘lubiyatga uchratdi. -90 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan, Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov ham Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, Islom birdamligi o‘yinlari 18 avgustga qadar davom etadi. Hozircha, O‘zbekiston delegatsiyasi 41 ta oltin, 28 ta kumush va 47 ta bronza, umumiy hisobda 116 ta medal jamg‘ardi. Bu ko‘rsatkich borasida faqatgina mezbon Turkiya O‘zbekistondan oldinda bormoqda, xolos.
LiveBarchasi