Ishlash uchun yeysizmi yo yeyish uchun ishlaysiz?
Foydali
−
16 dekabr 2019
5963Bolalik chog‘ingizda kim bo‘lishni orzu qilgansiz? Esingizdami? Fazogirmi? Yo balet raqqosasimi? Balki o‘t o‘chiruvchi bo‘lishni istagandirsiz? Ulg‘ayib, kim bo‘lib yetishdingiz? Hisobchimi yoki yurist? Bank xodimimi yoki yirik tadbirkor? Agar hammasini boshidan boshlashga imkon bo‘lganda, hayotingizni xuddi hozirgidek qurarmidingiz? Yo uni o‘zgartirishga urinarmidingiz?
LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan so‘rovnomaning natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning uchdan bir qismi bolaligida orzu qilgan kasbni yoki shunga o‘xshashroq sohani egallab, katta muvafaqqiyatlarga erishgani ma’lum bo‘ldi.
Insonlar asosan qaysi kasb egasi bo‘lishni xohlashadi? So‘rovnoma jarayoni shuni ko‘rsatdiki, orzu qilingan kasblar ichida Olimpiada sportchilaridan tortib, to yozuvchi-yu maktab o‘qituvchilarigacha mavjud.
Tadqiqot ishtirokchilarining ko‘pchiligi ish jarayonining muhim sharti sifatida mablag‘ni emas, balki undan olinadigan ishtiyoqni ko‘rsatishgan.
Biroq ko‘p hollarda sevimli mashg‘ulotingiz shunchalik arzimas moliyaviy foyda olib keladiki, uning hisobiga hayotguzaronlik qilishning imkoni umuman bo‘lmaydi.
Massachusets shtatining 54 yoshli fuqarosi, Fitpacking kompaniyasi rahbari Stiv Silbergerning ahvoli aynan shunday. Uning tashkiloti turizm sohasiga ixtisoslashgan. Bundan oldin u 20 yil davomida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borgan.
Stiv o‘z jamoasi bilan chamodan bilan emas, oddiy ryukzak bilan sayohat qiladigan insonlar uchun hamyonbop sarguzashtlar tashkil qilish bilan shug‘ullanadi. U o‘z ishidan estetik zavq oladi: “Men shug‘ullanadigan ish nihoyatda himmatli, u hayotimning sifat darajasini oshiradi. Biroq undan keladigan foyda soliqlarni to‘lashga zo‘rg‘a yetadi. Yangi yilga har safar yangi umidlar bilan qadam qo‘yaman. Zora u mening kamtarona yashash tarzimga chek qo‘ysa, deb niyat qilaman. Lekin har yili o‘z umidlarimdan hafsalam pir bo‘ladi”.
O‘choqni qaynatib turish uchun Stivga qo‘shimcha mehnat qilishga to‘g‘ri kelyapti. Qarigan chog‘ida yashab turishini ta’minlaydigan nafaqasi uchun mablag‘ to‘plash haqida esa gap ham bo‘lishi mumkin emas.
“Bir kun kelib ushbu sohani tanlaganimdan afsus chekarman. Lekin yoshlik chog‘imda hayotdan to‘liq zavq olmaganim menga alam qilyapti. Endi esa, hayotimning yarmi o‘tmishga aylanganida, menga quvonch bag‘ishlamaydigan ish bilan shug‘ullanishga umuman ishtiyoqim yo‘q”.
Agar siz, Silberbergga o‘xshab, o‘zingizga quvonch bag‘ishlaydigan kasbni tanlagan bo‘lsangiz, quyida och qolmasdan turib, sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullanishga yordam beruvchi maslahatlar bilan tanishib oling.
Asosiy shart. Ishga nisbatan muhabbat yarating va uning uchun ba’zi bir kundalik qulayliklarni hamda doimiy daromad manbaingizni qurbon qilishga shaylaning.
“Agar band bo‘lgan ishingiz bilan shug‘ullanishni istmasangiz, qo‘shimcha mashg‘ulot topishga harakat qiling. U sizga foyda keltirmasa ham, sizga yoqadigan ish bo‘lishi kerak”.
Tayyorgarlik. Birinchi navbatda, hayotingizda bir oy davomida ketadigan sarf-xarajatlarni aniq hisoblab oling. Sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullanish jarayonida bo‘lishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni inobatga olib qo‘ying. Agar sevimli ishingiz moddiy qurbonliklarni talab qilsa, oldindan pulingizni g‘amlab qo‘yishni unutmang.
Uzoq kelajak uchun pul yig‘ish haqida qayg‘urmang. Chunki hozirgi davrda insonlar 30-40 yil oldingidek 50-60 yoshda emas, balki nisbatan kechroq nafaqaga chiqishmoqda. Oladigan daromadingizning katta qismini keksalik uchun saqlab qo‘yishni to‘xtating. Hech bo‘lmaganda hozircha.
Biroq oz-ozdan yig‘ib borish ham foydadan holi emas. Agar o‘z maoshingizdan yoki mehnat mukofotidan sezilarsiz qismini, lekin doimiy ravishda, keyinga olib qo‘ysangiz, o‘zingizda juda foydali xislatni shakllantirgan bo‘lasiz.
“Agar siz musiqachi yoki yakka tadbirkor bo‘lsangiz, iqtisodiy tushkun kunlaringiz ko‘p bo‘lishi mumkin. Shunday damlarda pul to‘dalab boradigan odatingiz sizga hayotingizning og‘ir damlarini osonlik bilan yengib o‘tishingizga yordam beradi”, – deydi Janubiy Karolina shtatining Wilson David Investments kompaniyasi xodimi Ketrin Xauyer.
Qarz olishdan tiyiling. Bu gapni aytish osondek. Ustiga ustak, agar sizning oylik maoshingiz arzimas bo‘lsa. Biroq, nima bo‘lganda ham, turli qarzlar va kreditlardan qochishga harakat qiling. O‘z maoshingiz va xarajatingiz orasidagi farqni qisqartirishga urining. Chunki qarzlardan qutulish uchun sizda ortiqcha mablag‘ umuman bo‘lmasligi mumkin. Ko‘proq pul ishlab topish maqsadida ishingizni o‘zgartirgan paytda esa qarzni uzishga anchagina vaqtingiz va mehnatingiz ketib qolishi mumkin. Ko‘proq pul ishlashni bir muddat xayoldan chiqarib tashlashga to‘g‘ri kelib qoladi.
Yordam va muruvvatlarni rad etmang. Agar atrofingizda yor-u birodarlaringiz yordam qo‘lini cho‘zsa, bunday taklifni mamnunlik bilan qabul qiling.
Qarindoshlar, do‘stlar ko‘p hollarda naqd pul taklif qilishga qaror qila olishmaydi, lekin sizni tushlik va kechki ovqatlar bilan siylashga, eskiroq bo‘lsa ham, yaxshigina kostyum-shimlarni tortiq qilishga tayyor bo‘lishadi. Shunga qaramay, davomiy yordamlarga qarab qolishni o‘rganmang.
O‘z xo‘jalik ehtijoylaringizni qisqaritirishga harakat qiling. Oddiyroq, kamtarroq uyga ko‘chib o‘ting. Yoki yashash uchun uyni do‘stingiz bilan birga ijaraga olib istiqomat qiling. Shaxsiy transport vositasidan voz keching. Kabel televideniyasini uzib tashlang.
Haqiqatan ham, ko‘pchilik odamlarning yashaydigan uyi, haqiqiy ehtiyojlariga umuman mos emas. Agar o‘z xonadoningizni sotish yoki ijaraga qo‘yishga imkoniyat bo‘lsa, o‘zingiz esa oddiyroq uyga ko‘chib o‘tsangiz, bu sizga har oyda qo‘shimcha daromad olib keladi. Xuddi shunday maslahatni avtomobilingizga nisbatan ham qo‘llasangiz bo‘ladi.
Qo‘shimcha mehnat. Daromadingizni turli xil ishlar bilan to‘ldirishga harakat qiling. Asosiy kasbingizdan bo‘sh paytlarda bir martalik qo‘shimcha ish topishga harakat qiling. Hozirgi paytda turli internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlardan shu turdagi ishlarning behisob ro‘yxatini topishingiz mumkin. Bir martalik yoki erkin ish vaqtini taklif qiladigan mashg‘ulotlar sizning kundalik turmushingizni barqaror ushlab turishga yordam beradi.
Oldingi ishingizdan voz kechmang. Foydali ishni yoqimlisi bilan birlashtirishga harakat qiling. Kunduzi ishlab toping, kechqurun esa sevimli mashg‘ulotingiz og‘ushiga cho‘miling. Maslahatimiz hayot darajangizni qo‘llab-quvvatlashga kafolat bera oluvchi amaliy ishni tanlang. Sevimli mashg‘ulotingiz bilan esa asosiy ishingizdan so‘ng shug‘ullaning. Mazkur mashg‘ulotlar bora-bora sizni va oilangizni to‘liq ta’minlay oladigan kasbiy faoliyatingizga aylanishi ehtimoldan holi emas.
Hayotingizning faol mehnat qiladigan davrining jadvalini tuzing. Hech kimning bir umr arzimas maosh beradigan ishxonada ishlagisi kelmaydi. Kam daromadli mehnat ertami kechmi o‘z nihoyasiga yetadi. Mehnat pillapoyalarining eng pastki qismidan yuqoriga qarab harakatlanishingiz aniq. Agar ish joyingizda ko‘tarilishga ko‘zingiz yetmayotgan bo‘lsa, bu ishda yana qancha muddat mehnat qila olishga sharoitingiz yo‘l qo‘yishini aniqlab oling. Bunday davriy jadvallar sizning hayotdagi maqsadlaringizdan ham kelib chiqishi mumkin.
Ishga oqilona yondashing. Esdan chiqarmangki, bir kun kelib, hayotdagi ustuvor maqsadlaringiz sharoitga qarab o‘zgaradi. Hozirgi holatda kamatrona hayot kechirib, oddiyroq xonadonni ijaraga olib, makaron mahsulotidan tayyorlangan ovqatlarni tanovul qilishni “xush ko‘rishingiz” mumkin. Lekin bunday vaziyat sizni doimo qoniqtira oladi degani emas.
Bu hayot qonunini har kim har xil paytda tushunib yetadi. Masalan, ayollar odatda farzand ko‘rgandan keyin hayotdagi qarashlarini o‘zgartirishadi.
Insonning dunyoqarashi yoshi o‘tgani sayin o‘zgarib boraveradi. Agar hayotingizda muhim voqea sodir bo‘lsa, sizda o‘z-o‘zidan yangi xohish-istaklar va ehtiyojlar paydo bo‘ladi.
Qanday ish bilan shug‘ullanishingizdan qat’i nazar, sizga kasbiy muvafaqqiyatlar tilab qolamiz.
LiveBarchasi