“Ishining tayini yo‘q, lekin “kreslo”sini bermaydi”. XTB boshlig‘ining direktorlarni “savalagan” audiosi tarqaldi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolov viloyatdagi maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi pastligini aytib, maktab direktorlari va o‘qituvchilar faoliyatini tanqid qildi. Uning o‘qituvchi va direktorlarga aytgan gaplari yozilgan ovoz viloyat hokimligi Matbuot xizmati mas’uli Nozim Abdullaning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilindi. 

“Hurmatli mudirlar, Davlat test markazining ballar bo‘yicha dastlabki natijalarni ko‘rdingiz, hamma kanallar bunga qanday munosabat berayotganini ham bildingiz. Umumiy abituriyentlar soniga nisbatan 55,9 foiz abituriyent 51,2 ballni ham ololmagan. Bizdan 101 ming 239 nafar abituriyentning 23 ming yoki 24 mingi joriy yilda maktablarni tamomlagan abituriyentlar. Mayli, qolganlari uch yil oldin, besh yil oldin, boringki, 10 yil oldin bitirgan bo‘lishi mumkin, lekin Toshkent viloyati maktablarini bitirgan-ku, to‘g‘rimi? Shu o‘quvchilarga dars bergan o‘qituvchilarimiz haliyam maktabda dars beryapti, direktorlar ishlayapti. 10-15, 20-25 yil ishlagan direktorlar ham “ko‘p yillik direktorman”, deb ko‘kragini kerib, joyini bo‘shatgisi kelmaydi. Sal kamchiligini aytsang, ming xil joyga murojaat qilib, ming xil ig‘vo qilib, kanallarga chiqaradiganlar yuribdi oramizda. Ishining, ko‘rsatkichining tayini yo‘q, lekin “kreslo”sini bergisi kelmaydi. Ana shu direktorlarga gapimni yetkazinglar, bugungi natijalar hammamizning faoliyatimizga berilgan yaqqol baholar”, deydi viloyat XTB boshlig‘i.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida abituriyentlar soni Toshkent viloyatidan ham ko‘p, lekin ularning ballari ancha yaxshi. 

“Men har safar maktab direktori bilan ham, o‘qituvchi bilan ham ko‘rishganimda o‘qituvchi darsga tayyorgarliksiz kirayotganini aytyapman. Nafaqat bugun, oxirgi besh-o‘n yilda shu holat kuzatilyapti. O‘quvchiga biz bekorga 14 ta fanni o‘qitib, attestatiga o‘sha baholarni qo‘ymaymiz-ku. Matematikadan 4 va 3 baholar qo‘yganmiz, hech kimga 2 baho qo‘yib, qo‘liga attestat bermaganmiz. Lekin abituriyent imtihonga kelib, 2 baho ham ololmayapti, yarmidan ko‘p abituriyent 1 baho olyapti. Demak, 2 bahoga ham loyiq bo‘lmagan bolalarga biz sun’iy baho qo‘yib, maktabni tamomlatyapmiz. Bitiruvchini dastlabki fundamental bilimga ham ega qilmayapmiz. Shuning uchun hamma maktab hozir o‘tirib, shuni tahlil qilsin. Bu natija – 35 ming o‘quvchiga berilgan baho”, deydi Kamolov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun imtihon topshirgan abituriyentlarning yarmidan ortig‘i o‘tish balining eng quyi chegarasi – 56 ballni to‘play olmagan.

DTM e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 1 073 821 nafar abituriyent imtihonda qatnashgan. Shundan 51,2 foizi yoki 550 102 nafari 56,7 balldan kam ball to‘plagan. 48,8 foizi – 523 719 nafari eng kam balldan yuqori ball yig‘gan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

458

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing