Ish beruvchilar xodimlarning koronavirusga qarshi emlanishiga mas’ul etib belgilandi
Jamiyat
−
23 fevral 2022
3253Koronavirusga qarshi vaksinaning buster dozasi bilan emlanish darajasi 90 foizdan kam bo‘lganlar vaqtincha ishdan chetlashtiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining bugun, 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida aytildi.
Yig‘ilishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev quyidagi takliflarni ilgari surdi.
• ish beruvchilarga qo‘l ostidagi ishchi-xizmatchilarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlik, shu jumladan, buster doza bilan emlanish darajasi 90 foizdan kam bo‘lmasligiga erishish majburiyatini yuklash;
• davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va boshqa tashkilotlar xodimlarining koronavirus infeksiyasiga qarshi, shu jumladan, buster doza bilan emlanmaganligi aniqlanganda, ularni vaqtinchalik ishdan chetlatish;
• xodim koronavirus infeksiyasiga qarshi buster doza bilan emlanishni rad etganda, ish beruvchi tomonidan uning vaqtincha ishdan chetlatilishini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan qat’iy nazoratga olish.
Yusupaliyev keltirgan takliflar qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda COVID-19 infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlari uchun olib kelingan va mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan vaksinalar soni 53,7 mln dozani (7 turdagi) tashkil etmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda 18,1 mln doza vaksina ishlab chiqarilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, asosan 18 yoshdan yuqori aholi emlanishi belgilangan. O‘zbekistonda bu yoshdagi aholi 21,5 mln nafarni tashkil etadi. Bugungi kunga qadar 45,3 mln doza vaksina qo‘llanilgan:
Mamlakatda 2021 yil avgust oyida aholi o‘rtasida ommaviy emlashni tashkil etishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan Qonun qabul qilindi. Mehnat qonunchiligiga xodim profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligiga oid qo‘shimcha kiritildi.
O‘tgan davr mobaynida Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan mazkur normaga rioya qilinishi yuzasidan 73,1 mingta o‘rganishlar o‘tkazilgan, shundan 28,5 mingtasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda, 44,6 mingtasi byudjet tashkilotlarida. Tekshirishlar davomida jami 89,4 ming nafar vaksina olmagan shaxslar aniqlanib, 45,6 ming nafar shaxslar ishdan vaqtinchalik chetlatilgan, 4,6 mingta xolatda ish beruvchiga nisbatan jarima chorasi, 246 ta ob’ektga nisbatan esa faoliyatini vaqtinchalik muddatga to‘xtatish chorasi qo‘llanildi.
LiveBarchasi