Iroq O‘zbekiston mahsulotlari importini oshirmoqchi
Jamiyat
−
10 dekabr 2023
10012O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Iroq Bosh vaziri o‘rinbosari hamda Tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn bilan uchrashdi. Bu haqida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Unda Iroq tomoni O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash va o‘zaro ustuvor sohalarda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, O‘zbekiston mahsulotlarining Iroq bozoriga chiqishi va O‘zbekistondan import turlarini kengaytirishdan manfaatdor ekani aytilgan.
Suhbat davomida siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali ham muhokama qilingan.
Avvalroq, Bag‘dod shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Iroq Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tgandi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev va Iroq Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Husayn Buhrul Ulum rahbarlik qilgani qayd etilgan.
Tomonlar mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirishga tayyor ekanliklarini hamda qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning 1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Iroqdagi Elchisi Bahrom A’loyev (qarorgohi Quvaytda) Iroq Prezidenti Barham Solihga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
LiveBarchasi