Irlandiya ham Isroil bilan savdoni cheklamoqchi
Olam
−
27 may 2025 2477 2 daqiqa
Irlandiya Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlarida ishlayotgan Isroil kompaniyalaridan import qilinadigan mahsulotlarga taqiq joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Irlandiya Bosh vaziri o‘rinbosari Saymon Harris “Financial Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Harrisning aytishicha, hukumat ushbu tashabbusni joriy yilning 27 may kuni rasman e’lon qiladi.
“G‘azo sektorida insonparvarlik yordami rad etilayotgani, bombardimonlar davom etayotgani, hozir kuzatilayotgan voqealarning ko‘lami va og‘irligini inobatga olgan holda bu to‘g‘ri qaror”, deydi u.
Qonun loyihasiga ko‘ra, bosib olingan Falastin hududlaridan olib kirilgan mahsulotlarni import qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Biroq bu umumiy Isroil mahsulotlari importiga taalluqli bo‘lmaydi, ya’ni bu Isroilga qarshi to‘liq iqtisodiy boykot emas.
Taqiq asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Chunki 2020-2024 yillarda bosib olingan hududlardan Irlandiyaga olib kirilgan mahsulotlar (asosan xurmo, apelsin, zaytun va yog‘och) umumiy qiymati atigi 685 ming yevroni tashkil qilgan.
Loyihaning yoz davomida parlamentning tegishli qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi va yil oxirigacha tasdiqlanishi kutilmoqda.
Qayd etish joiz, so‘nggi haftalarda Yevropa davlatlari Isroilga nisbatan bosimni kuchaytirib, G‘azo sektoridagi fuqarolarga insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilgani va xalqaro gumanitar huquqning buzilishi yuzasidan tanqidlar bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya boshqa davlatlar bilan Isroil Vazirlar Mahkamasining ba’zi muhim a’zolariga G‘arbiy Sohilda Falastin huquqlarini poymol qilgani uchun sanksiyalar kiritish rejalarini ishlab chiqayotgani xabar qilingandi. Qora ro‘yxatga yahudiy davlati moliya vaziri Betsalel Smotrich, Mudofaa vaziri Isroil Kats va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham kirishi mumkin.
Live
Barchasi