Irkutskda isiriq olib kelgan ikki o‘zbekistonlik hibsga olindi
Olam
−
30 avgust 2021
11973O‘zbekistonning Toshkent va Namangan viloyatlaridan kelgan ikki yo‘lovchi Rossiyaning Irkutsk xalqaro aeroportida qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, bojxona xodimlari ularda bir kilogrammdan ortiq isiriq borligini aniqlagan.
Bojxona xodimlari xizmat itlari yordamida yo‘lovchilarning sayohat sumkalaridan 830 va 243 gramm og‘irlikdagi o‘simlik massasi bo‘lgan polietilen paketlarni topgan. “Teleinform” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbeklar isiriqni deklaratsiya qilmagan.
“Bojxona ekspertizasi olib qo‘yilgan tovarlar Garmala (Peganum) turkumidagi o‘simlikning qismlari ekanligini qayd etdi. Shuningdek, ekspertlar o‘simlik massasida indol – “harmin” preparati borligini aniqladi”, deyiladi Irkutsk bojxona Matbuot xizmati xabarida.
Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga binoan, mamlakatda ushbu preparatning savdosi cheklangan, unga nisbatan maxsus nazorat choralari o‘rnatilgan.
Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilarda isiriqdan tibbiy sabablarga ko‘ra foydalanish zarurligini tasdiqlovchi hujjat yo‘q bo‘lgan. Hozirda bojxona qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy javobgarlik chorasini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Belarusning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakatga isiriq olib kirish taqiqlanganini e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi