Ipoteka kreditlari uchun subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlarga ajratiladi – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Joriy yilda O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatini beradi. Mazkur ishlar ijrosi uchun 15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida ma’lum qildi.

“Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulug‘ ne’mati, tengsiz mo‘’jizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi. Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi”, deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident xotin-qizlarga murojaat qilib, ularni buyuk ishlarga ruhlantirdi.

“Biz mamlakatimizni har tomonlama yuksaltirish uchun, yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydik. Farzandlarimiz qalbiga ulug‘ maqsadlar, olijanob g‘oyalarni singdirish – barcha O‘zbekiston onalarining sharafli burchidir. Yuksak fazilatli, mard va jasur, vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish albatta sizlarga bog‘liq. Bu – yorug‘ kelajakka yo‘naltirilgan eng katta investitsiya va bitmas-tuganmas boylikdir”, deydi Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 martdagi farmoniga muvofiq bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan, Prezident qaroriga binoan esa yigirma sakkiz nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan mukofotlangan edi. Bayram tadbirida ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

“Barchangizni yana bir bor bugungi bahor va nafosat, go‘zallik va latofat bayrami bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik – oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rib yurish quvonchi hamisha yor bo‘lishini tilayman. Qalbingiz doim bugungi bahordek yashnab tursin”, deydi Prezident.






Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

177

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing