Iordaniyada so‘nggi to‘qqiz yil ichida bir vaqtda olti kishi qatl etildi

Olam

image

Iordaniyada 21 iyun kuni olti nafar erkak dorga osish orqali qatl etildi. Bu mamlakatda 2017 yildan beri qayd etilgan birinchi shunday holat bo‘ldi. Bu haqda “Human Rights Watch” xabar berdi.

Qatl etilganlarning barchasi Iordaniya Davlat xavfsizligi sudi tomonidan hukm qilingan. Ushbu sud tarkibiga fuqaroviy va harbiy sudyalar kiradi. Hukmlardan ikkitasi terrorizm bilan bog‘liq bo‘lsa, uchtasi giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Qatl etilganlardan ikki nafari Mahmud Nayef Muso va Anvar Odil Solih bo‘lgan. Ular “Salt guruhi” ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu guruh 2018 yil 10 avgust kuni Fuhays shahrida o‘tkazilayotgan an’anaviy festival yaqinida xavfsizlik kuchlarining qo‘shma patruli yonida bomba portlatgan. Hodisa oqibatida ikki nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan. Keyingi kuni gumonlanuvchilarni qo‘lga olish operatsiyasi vaqtida yana to‘rt nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan.

Uchinchi qatl etilgan shaxs Ibrohim Mansur bo‘lib, u 2022 yil dekabr oyida Maan shahrida politsiya patruliga hujum qilgan. Hujum oqibatida Maan politsiya boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Abdulrazzoq al-Dalabih halok bo‘lgan.

Qolgan uch nafar mahkum esa giyohvand moddalar savdosiga qarshi operatsiyalar vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini o‘ldirgani uchun qatl etilgan.

Ma’lumot uchun, Iordaniya 2014 yil dekabr oyida sakkiz yillik norasmiy moratoriydan so‘ng o‘lim jazosini qayta tiklagan edi. O‘shanda qotillikda ayblangan 11 kishi qatl etilgan. 2017 yil mart oyida esa 15 nafar erkak qatl qilingan bo‘lib, ularning 10 nafari terrorizm bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha Davlat xavfsizligi sudi tomonidan hukm qilingan.

Human Rights Watch tashkilotining Yaqin Sharq bo‘yicha direktor o‘rinbosari Adam Kuglning aytishicha, bir vaqtning o‘zida olti kishining qatl etilishi Iordaniyaning o‘lim jazosini qayta tiklaganidan buyon kuzatilgan eng yirik holatlardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda dunyoning 17 ta davlatida 2707 kishi qatl etilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing