Iordaniya moxovni yenggan dunyodagi birinchi davlatga aylandi
Salomatlik
−
20 Sentabr
10982Iordaniya moxovni yenggan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 20 yildan ortiq vaqt davomida Iordaniyada moxov bilan bog‘liq holatlar qayd etilmagan. JSST tayinlagan mustaqil hay’at baholash o‘tkazgan va tashkilotga Iordaniyada moxov yo‘q qilinganligi haqida xabar bergan. Bu esa kasallikni bartaraf etish uchun yo‘lga qo‘yilgan samarali sog‘liqni saqlash strategiyalarining natijasi sifatida ko‘riladi.
“Dunyoda ushbu maqsadga erishgan birinchi davlat sifatida Iordaniya boshqa mamlakatlar uchun ilhom manbai bo‘lib, ularni ushbu ajoyib muvaffaqiyatga erishish uchun sa’y-harakatlarini kuchaytirishga va to‘siqlarni yengib o‘tishga undaydi”, dedi JSSTning Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqasi bo‘yicha direktori Xanan Balxi.
Biroq JSST kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, shu jumladan chetdan kirib keluvchi holatlarni aniqlash va davolash uchun mustahkam kuzatuv tizimlarini saqlash muhimligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Xansen kasalligi deb ham ataladigan moxov surunkali yuqumli kasallik hisoblanadi. Hozirda u 120 dan ortiq mamlakatlarda uchraydi. Har yili 200 mingdan ortiq yangi holatlar qayd etiladi. Kasallik teriga, periferik nervlarga, yuqori nafas yo‘llarining shilliq pardasiga hamda ko‘zlarga zarar yetkazadi. Unga vaqtida tashxis qo‘yilmasa va davolanmasa nogironlikka ham olib borishi mumkin.
LiveBarchasi