Investorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilish huquqi beriladi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Kelgusi yildan boshlab, O‘zbekistonda investorlar nizoli masalalarni hal etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida so‘z bordi. 

Davlat rahbari sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlarga to‘xtalarkan, so‘nggi 4 yilda ushbu sohani isloh qilish bo‘yicha dadil qadamlar qo‘yilgani, bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon, qarorlar qabul qilinganini urg‘uladi. 

“Adolat – bu davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p”, deydi Prezident. 

Qayd etilishicha, Yangi yildan boshlab O‘zbekistonda joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlari adolatli, qonuniy va barqaror bo‘lishini ta’minlashda bosh mezon bo‘ladi.

“Hozirgi kunda viloyat sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar ustidan berilgan shikoyatlarni shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilar edi. Birgina 2019 yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta qaror Oliy sud tomonidan o‘zgartirilgan va bekor qilingan. 

Kelgusi yildan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinadi”, deydi Prezident .

Yangi yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi sudlar bitta sud sifatida birlashtiriladi.  

Shu bilan birga, kelgusi yil boshidan sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti joriy qilinadi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgidek tergov yoki prokuraturaga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi. 

Qolaversa, investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiya, nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etiladi. Endi yirik investorlar o‘z xohishiga ko‘ra,  nizoni hal etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin. 

Sud tizimidagi raqamlashtirish tizimi yanada kengaytirilib, fuqarolarga onlayn tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing