Interpol xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlikni Koreyada ushladi
3-sahifa
−
27 Oktabr 2021
17175O‘zbekistonda katta miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun qidiruvga berilgan shaxs Koreya poytaxti Seuldagi chegara nazorat punktidan o‘tayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu haqda Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Seul shahrida hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbir davomida Interpolning Koreyadagi Milliy markaziy byurosi xodimlari ko‘magida qidiruvda bo‘lgan Yu.U. Seuldagi chegara nazorat punktidan o‘tayotgan vaqtda qo‘lga olingan. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga asosan, katta miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun respublika huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Yu.U. Koreya hududida bo‘la turib, O‘zbekiston firmalari birining vakili bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Yu.I.ning ishonchiga kirib, Janubiy Koreyada ishlash uchun odam topib berishini taklif qilgan. Fuqaro Yu.I. chet davlatda ishlashni istaganlarni topib, ular banklar orqali fuqaro Yu.U.ning hisob raqamiga 507 million 708 ming so‘m (54 600 AQSH dollari) o‘tkazib yuborgan. Evaziga u Janubiy Koreyada ishlash uchun taklifnoma jo‘natib turgan, shundan so‘ng noma’lum joyda yashirinib yurgan.
Xabarga ko‘ra, hozirda uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
LiveBarchasi