Internetda xayp ko‘tarmasdan, sekin maktabdan boshqa joydan ish toping – Shermatov

Jamiyat

image

Maktabda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya beradigan o‘qituvchilar ishlashi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Telegram kanalida yozib qoldirgan. Vazir “maktabga adashib kelib qolgan insonlarga internetda xayp ko‘tarmasdan sekin boshqa ish topish”ni maslahat bergan.  

“Prezidentimiz Murojaatnomada ta’lim sifatini barcha maktablarda ko‘tarish bo‘yicha juda katta vazifani belgilab berdilar. Buning uchun ta’lim sifati past maktabga boshqa tumandan borgan malakali o‘qituvchi uchun 50 foiz ustama, boshqa viloyatdan kelganiga esa 100 foiz ustama berish ko‘zda tutilyapti”, deb yozgan Shermatov.

Unga ko‘ra, bitiruvchisining birontasi ham oliy ta’lim muassasasi (OTM)ga kirmagan maktablarda uzoq vaqt ishlagan rahbarlarni lavozimdan olish bo‘yicha choralar boshlangani sabab, ushbu maktablar jamoasi harakatga tushib, bir yil ichida bunday maktablar soni 3 barobar kamaygan.

“Buyog‘iga o‘quvchilar bitirishiga atigi yarim yil qoldi. Shuning uchun ushbu grafikda ko‘rsatilgan to‘q qizil rangdagi (0 foiz) va qizil rangdagi (10 foizgacha ko‘rsatgichga ega) maktablar uchun bu yil juda katta sinov yili bo‘ladi. Shuning uchun, ushbu maktablar jamoasi birlashib, natijaga harakat qilishi zarur! Avvalgidek, biz ketsak, o‘rnimizga o‘qituvchi topilmaydi, deyish xomxayoldan boshqa narsa emas”, deyiladi xabarda. 

Xalq ta’limi vazirining qayd etishicha, vazirlik, viloyat va tuman bo‘linmalari xodimlari ham bundan buyon faqat qizil (10 foizgacha ko‘rsatkichli) maktablarga borib, ulardagi ahvolni yaxshilash bo‘yicha ishlaydi. 

“Yashil kategoriyadagi maktablarga umuman bormasa ham bo‘ladi, ularga xalaqit qilinmasa bo‘ldi asosiysi. Ularda yaxshi yosh kadrlar bo‘lsa, qizil kategoriyadagi maktablarning rahbar lavozimlariga tavsiya etish kerak, xolos. Shundagina ushbu yashil maktablardagi ijobiy muhit qizil maktablarga ham tezroq tarqaladi”, deb yozadi vazir.

Shuningdek, Sherzod Shermatov  “maktabga adashib kelib qolgan insonlarga internetda xayp ko‘tarmasdan sekin boshqa ish topish”ni maslahat bergan.

“Albatta, bu masala ertaga anchagina shov-shuv, xaypga aylanishi ham mumkin, chunki hech kim ishdan shundoq ketishni xohlamaydi. Lekin, maktabda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya beradigan o‘qituvchilar ishlashi kerak, ularni faqat hurmatini oshirib, qo‘shimcha sharoit yaratishga harakat qilib boramiz. Aksincha, o‘zini ustida ishlamaydigan, adashib maktabga kelib qolgan, avvalgi majburiy mehnat tizimida qandaydir saqlanib yurgan insonlarga internetda xayp ko‘tarishga harakat qilgandan ko‘ra, sekin maktabdan boshqa joydan ish topishni maslahat beramiz. Bundan buyog‘iga maktablar faqat natijaga harakat qiladi, o‘qituvchilar ham o‘z ustida ishlashlari zarur. Viloyatlarda bir stavkada bir nechta o‘qituvchi ishlayotgan maktablar ham anchagina, o‘qituvchilarning umumiy soni stavkalarning sonidan 80 mingdan ortiq!” deb yozgan vazir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

357

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing