Inspektor-psixologlarga jazo qo‘llash huquqi beriladi. Kimga?
Jamiyat
−
28 noyabr 2023
6007Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarga voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash huquqi beriladi. Bu haqdagi qonun loyihasi kecha, 27 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar hamda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘lgan.
Hozirgi kunda respublikada voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlik holatlari ortib borayotgani hamda muammoli o‘quvchilar bilan ularning ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash tizimida kamchiliklar mavjudligi kuzatilmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarning hamda ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektorlarining vakolatlari kengaytirilyapti. Shu maqsadda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarga voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash huquqi berilishi nazarda tutilyapti. Shuningdek, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarga himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati berilishi kutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilayotgandi.
LiveBarchasi