Insoniyatda dunyoni qutqarish uchun atigi 2 yil qoldi – BMT

Bu qiziq

image

Insoniyatda issiqlikni ushlab turuvchi chiqindilarni chiqarishga keskin o‘zgarishlar kiritib, “dunyoni qutqarishi" uchun atigi ikki yil qoldi, bunday katta o‘zgarishlarni moliyalashtirish uchun esa undan ham kamroq vaqt bor. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Konvensiyasi ijrochi kotibi Saymon Stil kecha, 10 aprel kuni Londondagi Chatham House tahlil markazidagi chiqishida so‘z ochdi. 
 
Uning aytishicha, butun dunyo hukumatlari 2025 yilda karbonat angidrid chiqindilarini cheklash bo‘yicha yangi va yaxshiroq rejalar ishlab chiqishlari kerak. U shu oy Vashingtonda global moliya bo‘yicha hal qiluvchi uchrashuvlar bo‘lib o‘tishini eslatdi. 

“Bizda hali ham yangi avlod milliy iqlim rejalari orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkoniyati mavjud. Ammo hozir bizga kuchliroq rejalar kerak”, deydi Stil. 

U iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash faqat kuchli odamlarning ishi emasligini aytdi.

“Dunyoni qutqarish uchun kimning ikki yili bor? Javob – bu sayyoradagi har bir odamning. Borgan sari ko‘proq odamlar iqlim inqirozining ta’sirini kundalik hayotlarida va uy xo‘jaliklari byudjetlarida his qilganlari uchun barcha jamiyatlar va siyosiy doiralarda iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rishni xohlashadi", deydi Stil. 

Ammo hamma ham bunday ogohlantirishlar foydali bo‘lishiga ishonch hosil qilmaydi.

"Dunyoni qutqarish uchun ikki yil – ma’nosiz ritorika. Eng yaxshi holatda, bu e’tibordan chetda qolishi mumkin, eng yomoni, bu samarasiz bo‘ladi ", deydi Prinston universiteti iqlimshunosi, xalqaro munosabatlar bo‘yicha professor Maykl Oppenhaymer.

AQSH hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, havodagi karbonat angidrid va metan miqdori o‘tgan yili rekord darajaga yetgan, olimlar esa global karbonat angidrid chiqindilari 1,1 foizga oshganini taxmin qilmoqda. Global harorat monitoringi guruhlari esa o‘tgan yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ldi, degan xulosaga keldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, agar ko‘mir, neft va tabiiy gazni yoqish oqibatida karbonat angidrid va metan chiqindilari o‘sishda davom etsa yoki keskin kamaymasa, bu dunyoning eng boy va eng qashshoq mamlakatlari va jamoalari o‘rtasidagi ulkan tengsizlikni yanada kuchaytiradi. 

“Bularning barchasi ortida pul turibdi. Hali ham vaqt va moliya muammoning markazida ekani mutlaqo to‘g‘ri", deydi Yevropaning E3G tahlil markazining uzoq yillik iqlim bo‘yicha tahlilchisi Alden Meyer. 


Climate Analytics bosh direktori Bill Xarening ta’kidlashicha, Parij iqlim kelishuvining global haroratning 1,5 darajagacha ko‘tarilishini cheklash ambitsiyalarini qondirish uchun o‘n yillik oxiriga qadar global emissiyalarni ikki baravar kamaytirish kerak.


“Hukumatlar bundan yiroq va ko‘pchilik hali ham yangi qazilma yoqilg‘ilarni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Agar biz 2030 yilga borib sezilarli qisqartirishga erishmoqchi bo‘lsak, biz hozir harakatda katta o‘sishni ko‘rishimiz kerak – qayta tiklanadigan energiya manbalari, elektr transport vositalari va akkumulyatorlarning tezroq ko‘payishi. Qancha uzoq kutsak, shuncha qimmatga tushadi”, deydi Xare.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh BMT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing