Insonga chegaralar o‘rnatish xos bo‘lsa, san’at chegara bilmaydi — Mirziyoyev

Jamiyat

image

Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahridagi “Do‘stiy” maydonida Ismoil Somoniy haykali poyiga gullar qo‘ydi. 

So‘ng “Ko‘hi Borbad” san’at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun Tojikistonning yuksak mukofoti - I darajali “Zarrintoj” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni o‘qib eshittirildi. Ordenni davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tantanali ravishda topshirdi.

Davlat rahbari yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mukofot katta hurmat va ishonch ifodasi, ikki xalq o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar e’tirofi ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Tojikiston yaqin qo‘shni, xalqlarning muqaddas yeriyu suvi, dini bir, tarixi va taqdiri, tashvishu shodliklari mushtarak ekani qayd etildi.

“Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro manfaatli hamkorligimizni rivojlantirib, katta maqsadlarimizga erisha olamiz. Biz doim bir-birimizga tayanch bo‘lishimiz, har qanday qiyinchilik va sinovlarni yelkama-yelka yengib o‘tishimiz lozim”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berib, ularni O‘zbekiston va Tojikistondagi millionlab odamlar o‘z kundalik hayotida his etmoqda.

“Bu O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli, yangi muhitida o‘z aksini topmoqda. Eng muhimi, barcha sa’y-harakatlarimiz va amaliy ishlarimiz xalqlarimiz manfaatlari va orzu-intilishlariga to‘liq mosdir”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat san’at ustalarining bunday konsertlari o‘zbek-tojik xalqlari o‘rtasidagi abadiy va samimiy do‘stlikni ifodalovchi yaxshi an’anaga aylangani, san’at xalqlarni yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

“Insonga turli chegaralar o‘rnatish xos bo‘lsa, san’at chegara bilmaydi, uning buyuk vazifasi – odamlarni birlashtirish. Mehr-oqibatli bo‘lish, tinch-totuv yashash – xalqlarimizning azaliy orzusi va samimiy intilishidir. Biz ham, ikki davlat rahbarlari – o‘rtamizdagi chegaralar bizni ajratishga emas, faqat birlashtirishiga xizmat qilishi uchun bundan buyon ham harakat qilamiz.

Tinchlik va osoyishtalikni asrash, kelajak avlodlar uchun mamlakatlarimizning barqaror va izchil taraqqiyotini ta’minlash – umumiy burchimiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Konsert dasturida iste’dodli san’atkorlar xalqlarimiz madaniyatining boyligi, o‘ziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligini namoyish etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Tojikiston Imomali Rahmon

Baholaganlar

78

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing