Inson a’zolari transplantatsiyasi jarayoni qonun bilan mustahkamlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi jarayoni qonun bilan mustahkamlanadi. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni senatorlar tomonidan ma’qullangan “Inson a’zolari va to‘qimalari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.

Ta’kidlanishicha, qonun kasallanish va inson a’zolaridagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

“Bildirilgan takliflar asosida senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari bilan birgalikda Qonunning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. “Yo‘l xaritasi”da transplantatsiya jarayonlarini sifatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish, ushbu xizmatni aholiga yaqinlashtirish va barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini yo‘lga qo‘yish, tegishli davlat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash hamda yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar qamrab olingan”, deyiladi xabarda.

Qonun qabul qilingandan so‘ng “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi senatorlar tomonidan joylarda doimiy ravishda nazorat etib boriladi.

Mazkur Qonun qabul qilinishi bilan sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatini amaldagi qonunchilik asoslari bilan to‘ldirishga imkoniyat yaratiladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 700 dan ortiq buyrak ko‘chirib o‘tkazish, jigar va o‘zak hujayra amaliyotlari bajarilgan.   Xususan, bugungacha transplantatsiya amaliyotlari Samarqand, Namangan, Xorazm, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing