Innovatsiya vazirligi hukumatning Umurzoqov rahbarligidagi “qanoti”ga o‘tkazildi
Jamiyat
−
13 aprel 2022
9141O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini Bosh vazirning investitsiyalar va tashki iktisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarlik qilayotgan tizimga o‘tkazildi. Bu haqda Hukumatning “Vazirlar Mahkamasi apparatining ayrim tarkibiy bo‘linmalari tuzilmalarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2022 yil 11 mart kuni o‘tkazilgan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishining 23-son bayonida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini Bosh vazirning investitsiyalar va tashki iktisodiy alokalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarlik qilayotgan tizimga o‘tkazish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatining Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyatiga IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va ilmiy faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentidan Innovatsion faoliyatni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis shtat birligi o‘tkazilgan.
Qarorga muvofiq Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyatiga biriktirilgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ro‘yxati quyidagicha shakllandi:
• Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi;
• Tashqi ishlar vazirligi;
• Innovatsion rivojlanish vazirligi;
• Transport vazirligi - investitsiya, eksport va logistika masalalari yuzasidan;
• Moliya vazirligi - investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar yuzasidan;
• Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi - investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar yuzasidan;
• Qurilish vazirligi - investitsiya loyihalari ekspertizasi masalalari yuzasidan;
• Davlat bojxona qo‘mitasi - eksportni qo‘llab-quvvatlash va importni optimallashtirish yuzasidan;
• Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi - importni nazorat qilish va tashqi savdo masalalari yuzasidan;
• O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi — importni nazorat qilish va tashqi savdo masalalari yuzasidan;
• Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi;
• “O‘ztreyd” AJ;
• “O‘zbekekspertiza” AJ;
• “O‘zsanoateksport” AJ;
• “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ;
• “Asaka” ATB;
• “O‘zsanoatqurilishbank” ATB;
• “O‘zagroeksportbank” ATB;
• Tijorat banklari - investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va muruvvat yordami mablag‘lariga xizmat ko‘rsatish hamda oliy va yuqori darajalardagi tashriflar yakunlari bo‘yicha amaliy tadbirlar rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqish va ular samarali amalga oshirilishi monitoringini olib borish masalalari yuzasidan;
• Xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar, boshqaruvchilar ofislari va vakolatxonalar;
• Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar - investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar yuzasidan;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, hokim o‘rinbosari - viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i - investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar, oliy va yuqori darajalardagi tashriflar yakunlari bo‘yicha amaliy tadbirlar rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) amalga oshirish masalalari yuzasidan.
LiveBarchasi