Infantino siyosiy betaraflik qoidalarini buzdi – FIFA sobiq xodimi

Sport

image

FIFA boshqaruv qo‘mitasining sobiq raisi Migel Maduro FIFA prezidenti Janni Infantinoni siyosiy betaraflik tamoyillarini buzganlikda aybladi. Bu haqda "Sweden Herald" nashri xabar berdi.

Maduroning fikricha, Infantino yaqinda AQSHda o‘tkazilgan Amerika biznes-forumi chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Trampni maqtov bilan tilga olgani va uning siyosatini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagani FIFA axloq kodeksining 15-moddasi siyosiy neytrallik talabiga zid hisoblanadi.

Infantino forumda so‘zlagan nutqida Trampni “yaqin do‘st” deb atab, shunday degan edi:

“O‘ylaymanki, biz hammamiz uning qilayotgan ishini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”.

Maduroning so‘zlariga ko‘ra, bu bayonot shunchaki Trampning qonuniy rahbar sifatida tan olinishidan ko‘ra chuqurroq ma’noga ega.

"U nafaqat Trampning siyosatini ma’qullaydi, balki boshqalarni ham uni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi. Bu esa siyosiy bahsda pozitsiya egallash demakdir",  dedi Maduro "The Athletic" nashriga bergan intervyusida. 

Maduroning ta’kidlashicha, FIFA prezidenti siyosiy jihatdan betaraf bo‘lishi lozim, chunki tashkilot o‘z nizomida barcha siyosiy tarafkashliklardan qat’iyan tiyilish majburiyatini olgan.

Mazkur holat FIFAning mustaqil Etika qo‘mitasi tomonidan tergovga olib borilishi mumkin. Qo‘mita FIFA amaldorlarining axloqiy me’yorlarga rioya etishini nazorat qiladi va zarurat tug‘ilganda intizomiy chora ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi chog‘ida yangi  "FIFA Tinchlik" mukofotining birinchi sohibini e’lon qilishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing