Indoneziyada terrorchilikda gumonlangan 4 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

Jamiyat

image

Indoneziya politsiyasining “Densus 88” aksilterror otryadi ijtimoiy tarmoqlarda terror tashviqotini tarqatganlikda ayblangan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda mahalliy “Antara” axborot agentligi xabar berdi.

Indoneziya politsiyasi brigadasi matbuot kotibi general Ahmad Ramazonning ma’lum qilishicha, 4 nafar o‘zbekistonlik “Katiba Tavhid val Jihod” xalqaro terror tashkilotiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. 
O‘zbekistonliklarning ikki nafari 2023 yilning 6 fevralida Indoneziyaga jo‘nab ketgan, qolganlari esa uch haftadan so‘ng 27 fevral kuni mamlakatga yetib borgan. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, gumonlanuvchilar B.A.(32 yosh), O.M.M. (28 yosh) va M.R. (26 yosh) Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Suriyada faol bo‘lgan xalqaro terror tashkilotga aloqadorligi aniqlangan. Boshqa bir gumonlanuvchi B.K.A. (40 yosh) esa ularga moliyaviy yordam bergan hamda soxta hujjatlarni taqdim etib kelgan.

“To‘rt nafar gumonlanuvchining uch nafari faol va terrorchilik tashkilotining bir qismi, bir nafari moliyaviy yordam ko‘rsatuvchi hamda qalbaki hujjatlar ishlab chiqarishda ishtirok etgan”, deydi general Ramazon.

Manbaga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri B.A. 2021 yilda tashkilot rahbari bo‘lgan va O‘zbekistondan Turkiyaga jo‘nab ketgan. Shundan so‘ng u Suriyadagi lagerga jo‘natilgan. B.A. Turkiyada bo‘lganida radikal tashviqotni tarqatish bilan shug‘ullangan. Xabar qilinishicha, u terror aktlarini amalga oshirish uchun “Katiba Tavhid val Jihod” guruhi a’zolarini qabul qilish va yetkazib berish bilan shug‘ullangan.

“Hozirda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi unga nisbatan radikal mafkura targ‘iboti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan”, degan Ahmad Ramazon.

“Katiba Tavhid val Jihod” tarafdori O.M.M. Suriyadagi guruh rahbariyatining buyrug‘i bilan 2020 yilda Suriyaga ketgani ma’lum qilingan. Aytilishicha, u lagerda qo‘poruvchilik bo‘yicha mashg‘ulotlarni tamomlagan va guruh faoliyatida ishtirok etgan. M.R. ham 2020 yilda “Katiba Tavhid val Jihod” rahbari sifatida Suriyaga jo‘natilgan. U 2022 yilda Iordaniya poytaxtida terrorizm bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tamomlagan.

“Densus 88” to‘rt nafar gumonlanuvchiga tegishli bo‘lgan mahalliy va xalqaro pasportlar, pul o‘tkazmasi ma’lumotlari, aviachiptaga buyurtma, bir nechta uyali telefonlar va tashviqot materiallarining “skrinshotlari” ko‘rinishidagi dalillarni olgan. “Densus 88” katta komissari Asvin Siregar o‘zbekistonliklar hali hibsga olinmaganini aytgan.

“Ayni paytda ular hibsga olingani yo‘q. Biz hozircha aloqador tomonlar bilan o‘z harakatlarimizni muvofiqlashtirmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qildi Asvin Siregar.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston o'zbekistonlik terrorchilik Indoneziya terror

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing