Impichment masalasi: Tramp AQSH tarixiga kirdi

Olam

image

Kecha, 13 yanvar kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi AQSH Prezidenti Donald Trampga impichment e’lon qilish haqidagi rezolyutsiyani ma’qulladi.

Kongressning quyi palatasi AQSH tarixida birinchi marta amaldagi Prezidentga ikkinchi marta impichment e’lon qilmoqda.

Trampga impichment e’lon qilish uchun 232 kongressmen, jumladan 10 respublikachi ovoz berdi, 197 nafari qarshi chiqdi. Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi uni imzoladi. Endilikda hujjat Kongressning yuqori palatasi – Senatga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Rezolyutsiyada Tramp o‘tgan hafta Kapitoliyda yuz bergan tartibsizliklar ortida isyonga chaqirishda ayblangan.

Ahamiyatlisi Vakillar palatasi majlisi harbiy holatdagi Kongressda o‘tkazildi. Kapitoliy tepaligini Milliy gvardiyaning 15 ming harbiychi qurshab qo‘riqlab turdi.

Hujjat Senatga topshirilgach, u yerda sud jarayoni boshlanadi. Ammo yuqori palatada Tramp tarafdorlarining ko‘pligini inobatga olsa, ular ishni ko‘rishni yo cho‘zib turadi, yoki butunlay rad qiladi. Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi, respublikachi Mitch Makkonell impichment masalasini ko‘rib chiqish uchun shoshilinch yig‘ilish chaqirtirmasligini aytgan. Senatning reja bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 19 yanvarga, saylangan Prezident Jo Baydenning inauguratsiyasi esa 20 yanvarga belgilangan.

AQSH OAV ushbu masala tezkor shaklda ko‘rib chiqilishiga qaramay, senatorlar uni Baydenning inauguratsiyasigacha ko‘rib chiqishga ulgurishlari mushkul ekanini ta’kidlayapti.

Biroq Senat impichment bo‘yicha sud jarayonidan foydalanib, Trampni yana prezident lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surish huquqidan mahrum etish bo‘yicha ovoz berish o‘tkazishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 6 yanvar kuni AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampning tarafdorlari mamlakat poytaxti Vashingtondagi Kapitoliy oldida namoyish uyushtirib, Kongress binosiga bostirib kirgan edi. Shundan so‘ng bir qator messenjerlar Trampning akkauntlarini blokladi.

O‘sha kuni bu voqealardan avvalroq Tramp Vashingtonda tarafdorlari bilan uchrashib, unda to‘planganlarni Kapitoliyga kelib, qonun chiqaruvchilarni “o‘g‘irlangan saylovlar” bo‘yicha o‘z noroziliklarini bildirishga chaqirgan. 

Tramp vakillar palatasi ikk marta impichment e’lon qilgan AQSH tarixidagi birinchi Prezident bo‘ldi. Amaldagi Prezidentga 2019 yil dekabrida birichi marta impichment e’lon qilingandi. O‘shanda kongressmenlar Trampni hokimiyatni suiiste’mol qilish va kongress o‘tkazgan tergovga to‘sqinlik qilishda ayblashgan. Biroq Senat Trampni oqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp impichment

Baholaganlar

236

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing