Imomo‘g‘lining 1 yarim oy davom etadigan sud ishi boshlandi
Olam
−
09 mart 1475 3 daqiqa
Bugun, 9 mart kuni Turkiyada Istanbul shahrining sobiq meri, muxolif Respublika xalq partiyasi a’zosi Ekrem Imomo‘g‘lining sud jarayoni boshlandi. Bu haqda “Milliyet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 9 mart kuni 2025 yil 23 mart kuni korrupsiya ishi doirasida hibsga olingan Ekrem Imomo‘g‘li hamda boshqa ayblanuvchilar ustidan sud jarayoni boshlangan. Jami 407 nafar sudlanuvchi bo‘lib, ulardan 105 nafari hibsda. Ishning birinchi sud majlisi Marmara ochiq turdagi qamoqxona majmuasining sud zalida o‘tkaziladi.
Sud majlislari aprel oyining oxirigacha haftasiga 4 kun – dushanba, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari soat 10:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sud jarayonida dastlab ayblanuvchilarning shaxsi aniqlanadi, so‘ng ayblov xulosasining qisqacha mazmuni o‘qib eshittiriladi va keyin ularning himoya nutqlari tinglanadi.
Respublika xalq partiyasi (RXP) raisi O‘zgur O‘zel sud jarayonini kuzatish uchun Silivriga borishi kutilmoqda. Shuningdek, partiyaning 81 viloyat rahbari ham Silivriga borishi rejalashtirilgan. RXP sud jarayoni uzoq davom etishi ehtimolini hisobga olib, vakillardan iborat navbatchilik jadvalini ham tuzgan.
Sud majlisiga kiradigan ayblanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar, advokatlar, jurnalistlar va kuzatuvchilarga maxsus kirish kartalari beriladi. Dastlab sud zaliga ayblanuvchilar, advokatlar va jabrlanuvchilar kiritiladi, shundan keyin jurnalistlar hamda boshqa kuzatuvchilar kirishi mumkin bo‘ladi.
Sud hay’ati joriy yil 4 mart kuni prokuratura, jazoni ijro etish muassasasi, politsiya va jandarmeriya bo‘linmalariga rasmiy xatlar yuborgan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, quyidagi shaxslar “jinoiy tashkilot rahbarlari” sifatida ko‘rsatilgan:
- Fotih Kelesh;
- Murod Ongun;
- Adem So‘ytekin;
- Husayn Gun;
- Murod Gulibrohim o‘g‘li;
- Ertan Yulduz.
Prokuratura pora olish va berish, davlat tenderlariga aralashish, firibgarlik, hujjatlarni soxtalashtirish kabi turli jinoyatlar bo‘yicha quyidagi jazolarni so‘ramoqda:
- Fotih Kelesh – 556 yil 8 oydan 1542 yil 8 oygacha;
- Murod Ongun – 287 yil 6 oydan 779 yil 6 oygacha;
- Ertan Yulduz – 86 yildan 251 yilgacha;
- Adem So‘ytekin – 67 yildan 194 yilgacha;
- Murod Gulibrohim o‘g‘li – 19 yil 6 oydan 51 yilgacha;
- Husayn Gun – 20 yildan 40 yilgacha.
Ayblov xulosasida ushbu shaxslar sodir etilgan barcha jinoyatlar uchun ham javobgar bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Ayrim ayblanuvchilar – Adem Soytekin, Husayn Gun va Ertan Yulduz bo‘yicha esa “faol pushaymonlik” (ya’ni jinoyatni tan olib tergovga yordam berish) qoidalarini qo‘llash so‘ralgan.
Ekrem Imomo‘g‘li bo‘yicha ayblovlar
Ayblov xulosasida Ekrem Imomo‘g‘li “manfaat uchun tuzilgan jinoiy tashkilot” yetakchisi sifatida ko‘rsatilgan. U quyidagi jinoyatlarda ayblanmoqda:
- jinoiy tashkilot tuzish;
- shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy yig‘ish;
- shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish va tarqatish;
- jinoyat dalillarini yashirish;
- aloqa vositalariga to‘sqinlik qilish;
- davlat mulkiga zarar yetkazish;
- pora olish;
- jamoatchilikni chalg‘ituvchi ma’lumot tarqatish;
- mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
- davlat tashkilotlariga nisbatan firibgarlik;
- jinoyatdan olingan daromadlarni “yuvish”;
- davlat tenderlariga noqonuniy aralashish;
- atrof-muhitni qasddan ifloslantirish;
- Soliq, O‘rmon va Konchilik to‘g‘risidagi qonunlarni buzish.
Mazkur ayblovlar bo‘yicha prokuratura Ekrem Imomo‘g‘li uchun 849 yildan 2430 yil 6 oygacha qamoq jazosi tayinlanishini so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sud tomonidan Ekrem Imomo‘g‘liga nisbatan “siyosiy yoki harbiy josuslik” ayblov qabul qilingandi.
Live
Barchasi