Imom al-Buxoriy haqidagi film “Rossiya-Kultura” telekanalida namoyish etiladi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan Imom al-Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film “Rossiya-Kultura” telekanalida namoyish etiladi. Film 17 fevral kuni, Moskva vaqti bilan soat 13:20 da efirga uzatiladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.
 
Mazkur film islom tarixi va madaniyatidagi buyuk shaxs – Imom al-Buxoriy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan.
 
Ming yillardan buyon u nafaqat musulmon olamida, balki butun dunyoda ulkan hurmat – e’tiborga sazovor insondir. Favqulodda qobiliyatli va adolatparvar Imom al-Buxoriy  Qur’oni Karimdan so‘ng islom ta’limotidagi ikkinchi kitob – “Al Jome’ as-sahih” (“Ishonchli  to‘plam”) asarining  muallifi hisoblanadi.
 
Filmda O‘zbekistonning mashhur olimlari, xorijiy ekspertlar va diniy ulamolar ishtirok etishgan.  
 
Yaratganga xizmat qilish va insoniyatga cheksiz muhabbat bilan yo‘g‘rilgan umr. Imom Kurrai zamindagi sayohatining eng so‘nggi kunigacha o‘zining yuksak g‘oyalari va ulkan vazifasiga sodiq bo‘lib qoldi.
 
Ma’lumot o‘rnida, 2018 yilning iyul oyida Imom al-Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film Turkiyaning TRT telekanalida ham namoyish etilgan edi.
 
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 19 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyada, butun dunyo bosh minbaridan turib Imom al-Buxoriyning ilmiy merosi va uning muqaddas Islom dinida tutgan o‘rni haqida nutq qilgan edi.
 
“Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman.
 
Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan.
 
Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifatiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik.
 
Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”, degan edi Mirziyoyev. 


Maqola muallifi

Teglar

Imomal-Buxoriy Rossiya-Kul'tura

Baholaganlar

3

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar