Iman Xelif kiberbulling sabab X'ni sudga berdi
Sport
−
15 avgust
7876Parij Olimpiadasidagi ishtiroki jinsi bo‘yicha bahslarga sabab bo‘lgan jazoirlik bokschi Iman Xelif ayollar o‘rtasidagi 66 kg vazn toifasidagi bahslarda mutlaq tengsiz deb topildi va Olimpiada chempionligini o‘z hisobiga muhrlab qo‘ydi. Sportchi vataniga qaytgach, o‘yinlar vaqtidagi gender mojarosidan so‘ng tahqirli kiberbulling holatlari yuzasidan sudga murojaat qildi. U sudga yo‘llagan da’vo arizasida AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp, amerikalik tadbirkor, SpaceX va X (sobiq Twitter) asoschisi Ilon Mask va “Garri Potter” muallifi, yozuvchi Joan Rouling ismlari keltirilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Da’vo arizasida keltirilishicha, Xelif ushbu taniqli shaxslarning ayblovlari va onlayn haqoratlariga duch kelgan. Tramp, Mask hamda Rouling Jazoir bokschisining ayollar o‘rtasidagi bokc bahslarida qatnashish uchun berilgan huquqini shubha ostiga qo‘ygan. Negaki, Xelif 2023 yilda Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medal uchun kurashdan bir necha soat oldin Xalqaro boks assotsiatsiyasining (IBA) muvofiqlik mezonlarini bajara olmagani uchun diskvalifikatsiya qilingan edi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi unga gender bo‘yicha test sinovi tufayli avvalgi chempionatdan diskvalifikatsiya qilinganiga qaramay, Parijdagi musobaqada qatnashishga ruxsat berdi va u oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Da’vo ta’qib uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarga qaratilgan bo‘lib, potensial tekshiruvlar boshqa ishtirokchilarga ham tegishli. Xelifning advokati Nabil Boudi Tramp, Mask hamda Joan Rouling tomonidan sportchiga qilingan haqoratlarni “irqchilik va jinsiy aloqa kampaniyasini tashkillashtirish” deb atagan. Advokat Parij prokuraturasining onlayn nafrat so‘zlariga qarshi kurashuvchi maxsus bo‘linmasiga qonuniy shikoyat bilan murojaat qilgan. Advokatning “Variety” nashriga bergan intervyusiga ko‘ra, ish X’ga qarshi qo‘zg‘atilgan, ammo Mask va Rouling kabi shaxslar platformadagi postlari uchun alohida jazoga tortilishi kerak.
Yuridik harakat ushbu shaxslarni Olimpiada vaqtidagi ochiq bayonotlari va onlayn postlari uchun javobgarlikka tortishdan iborat.
Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ham jazoirlik bokschi Iman Xelifning 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashishiga e’tiroz bildirgandi. Sababi Olimpiada o‘yinlarining boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi bahslarda italiyalik Anjela Karini raqibi, jazoirlik Iman Xalifga qarshi jangning 46-soniyasida to‘qnashuvni davom ettirishdan bosh tortgandi. Negaki Anjela Karini jang davomida raqibining kuchli zarbalariga dosh bera olmagan. Ilgari testosteron va jinsga oid testlardan o‘ta olmagani uchun jahon chempionatlarida qatnashishi taqiqlangan Jazoir bokschisi esa raqibi musobaqani tark etganidan so‘ng, Olimpiadadagi dastlabki jangida g‘alaba qozondi.
Xelif g‘alabasi bilan Afrika davlatlaridan chiqqan boks bo‘yicha birinchi Olimpiya chempioniga aylandi. Shu tariqa sportchi Jazoir tarixidagi yettinchi, 2000 yildan buyon birinchi, shuningdek, ayollar boksida mamlakat tarixida birinchi bo‘lgan Olimpiada o‘yinlari medalini qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, Parij Olimpiadasidagi ishtiroki jinsi bo‘yicha bahslarga sabab bo‘lgan Xitoy Taypeyi (Tayvan) bokschisi Lin Yuy-Tin ham oltin medalni qo‘lga kiritdi va u ham Olimpiada chempioniga aylandi. Boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi ushbu bahslarda o‘zbekistonlik Sitora Turdibekova Xitoy Taypeyi (Tayvan) vakili Lin Yuy-Tinga qarshi ringga ko‘tarilib, yakunda mag‘lubiyatga uchragandi. Lin Yuy-Tin 2023 yilgi ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etmagan, aniqrog‘i bokschiga mundialda qatnashishga ruxsat berilmagan, biroq Lin Yuy-Tinga Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Olimpiada bahslarida qatnashishga ruxsat berdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr