Ilon Maskning Zelenskiy haqidagi memi nizo keltirib chiqardi

Olam

image

Amerikalik milliarder, Tesla va Space X asoschisi Ilon Mask bugun, 2 oktyabr kuni X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning harbiy yordam so‘rashini istehzo bilan izohlagan memni e’lon qildi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi.

Bu 2014 yilda tarqalgan mashhur memning fotoshop versiyasi bo‘lib, unda “yuzida tomirlar bor stressli yigit”ning qiyofasi Zelenskiyniki bilan almashtirilgan. Ilon Maskning sahifasidagi memda “Milliard dollarlik yordam so‘ramaganingdan besh daqiqa o‘tib”, degan yozuv qoldirilgan.  

E’lon qilinganidan 13 soat o‘tib, Maskning posti 500 mingdan ortiq "layk" yig‘gan, 55 ming marta repost qilingan va 36 mingdan ortiq sharh qoldirilgan. 

Ko‘pchilikning mazkur postga munosabati salbiy bo‘lgan. Masalan, foydalanuvchilardan biri o‘z izohlarida Maskning Rossiya Qurolli kuchlari zobiti kiyimidagi fotoshop bilan o‘zgartirilgan suratini joylashtirgan. Yana bir foydalanuvchi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘zgartirilgan suratini joylashtirib, “Yadroviy tahdid qilmaganingdan besh daqiqa o‘tib” degan izoh qoldirgan.

Britaniyaning BBC media kompaniyasi Maskning Ukraina Prezidenti haqidagi memini “haqorat bilan chegaralangan” deb atagan.

“Forbes”ning yozishicha, Ilon Mask Ukrainani moliyalashtirishga qarshi bo‘lgan va mablag‘dan AQSH-Meksika chegarasini himoya qilish uchun foydalanishni taklif qilayotgan siyosatchilarning, asosan respublikachilarning nuqtai nazariga qo‘shiladi.

Milliarderning posti Kiyevda ham tanqidlarga sabab bo‘lgan. Xususan, Ukraina Prezidenti idorasi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak Telegram’dagi kanalida Ilon Maskka murojaat qilib, Rossiyani qo‘llab-quvvatlash urush va Ukraina xalqining genotsidiga qo‘yilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya ekanini eslatgan.

“Bugungi kunda Rossiyaga har qanday yordam urushga, genotsidga, erkin dunyoni o‘ldirishga, eskalatsiya va jazosiz qolish huquqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyadir. Ukraina bo‘yicha har qanday sukunat yoki kinoya ommaviy zo‘ravonlik va qirg‘inni oqlaydigan Rossiya tashviqotini so‘zsiz rag‘batlantirishdir”, degan Podolyak.

Uning yozishicha, urush epimarkazidan ming kilometr uzoqlikdagi media vakillarining barchasi ham har kuni sodir bo‘layotgan portlashlar va ota-onalarini yo‘qotayotgan bolalar yig‘isi nimani anglatishini tushuna olmaydi.

“Ba’zida sukut saqlash ma’qul, shunday emasmi, Ilon Mask?” deb qo‘shimcha qildi Podolyak. 

Biroq u keyinchalik postini o‘chirib tashlagan va Ilon Mask haqidagi eslatmani olib tashlab, yangitdan chop etgan.
 
Oliy Rada rahbari Ruslan Stefanchuk ham X ijtimoiy tarmog‘ida Ilon Maskni belgilab, haqoratomuz post yozdi. Post ostidagi izohlarda o‘quvchilar Rada spikeriga Ukrainani sharmanda qilmaslikni va diplomatlarga Maskga javob berish imkoniyatini berishni tavsiya qildi.

Ma’lumki, Prezident Zelenskiy muntazam ravishda G‘arb davlatlarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi. Kiyev harbiy xarajatlarni G‘arbdagi hamkorlari yordamida moliyalashtirishiini ochiq e’lon qilib keladi. 2023 yil uchun Ukraina rasmiylari 38 milliard dollarlik rekord defitsitni rejalashtirgan edi, o‘shanda Zelenskiy G‘arbga uni to‘liq qoplashni taklif qildi. Biroq, hozir Ukrainaning 2024 yilgi byudjeti loyihasida bundan ham katta kamomad mavjud – taxminan 42 milliard dollar. Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenkoning aytishicha, G‘arb davlatlarida Kiyevga pul ajratishni xohlovchilar tobora kamayib bormoqda va bu Ukraina hukumatiga yangi mablag‘ so‘rashni tobora qiyinlashtirmoqda.

AQSHda esa Ukrainaga Rossiya agressiyasidan himoya maqsadida yordam berish bahsli mavzuga aylangan. Aksariyat demokratlar va ba’zi respublikachilar Kiyevga ko‘mak berishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp tarafdorlari qatorida bo‘lgan respublikachilar davlat byudjetidan ajratilayotgan bu xarajatlarni ortiqcha, deb hisoblamoqda.

Trampning Kongressdagi ayrim tarafdorlari ham bu pul Meksika bilan chegarada devor qurishga sarflangani ma’qul, demoqda. Ilon Mask ham ular qatorida oldinroq “AQSHdagi siyosatchilar Ukraina chegarasi haqida o‘z davlatlaridan ko‘ra 100 barobar ko‘proq xavotirda”, deb kinoya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni AQSH Kongressi federal hukumat yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Ukrainaga yordam ko‘rsatishni nazarda tutmaydigan 45 kunlik (17 noyabrgacha) byudjet loyihasini qabul qilgan edi. Oq uy va Kongressdagi demokratlar Kiyevga ko‘makni to‘xtatishni xohlamasa-da, respublikachilar bunga to‘sqinlik qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing