Ilon Mask Trampning Zelenskiy bilan suhbatida qatnashdi
Olam
−
09 noyabr
8491SpaceX asoschisi, amerikalik tadbirkor Ilon Mask saylovda g‘alaba qozongan AQSHning yangi prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi telefon suhbatida ishtirok etdi. Bu haqda kecha, 8 noyabr kuni Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi suhbat mazmuni bilan tanish bo‘lgan ikki suhbatdoshiga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi.
Ilon Mask Ukrainani Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimiga kirishni ta’minlash orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan. Ukraina Qurolli kuchlari aloqani ta’minlash uchun Starlink terminallaridan foydalanadi. Mask jurnalistlarning vaziyatga izoh berish talabiga javob bermagan.
Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi suhbat taxminan 25 daqiqa davom etgan. Ukraina Prezidenti respublikachini prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklagan va Tramp bunga javoban Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Tramp Ukraina masalasini saylov kampaniyasi davomida asosiy masalalardan biriga aylantirdi. U 2025 yil 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi reja qilingan inauguratsiyasidan oldin vaziyatni hal qilish rejalarini e’lon qiladi. Qo‘shma Shtatlarda birinchi ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, g‘alaba nutqi bilan tarafdorlariga murojaat qilgan Tramp “barcha urushlarni to‘xtatish” niyatini bildirdi, biroq aniq tashabbuslarni ilgari surmadi.
Ma’lumot uchun, Tramp 2016 yilgi saylovda g‘alaba qozongan, ammo 2020 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lgan. Shundan so‘ng, u 2020 yilgi saylovda keng ko‘lamli firibgarlik bo‘lganini da’vo qilib keladi. Ushbu da’volar 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliyga hujumga olib kelgan bo‘lib, Tramp tarafdorlari Prezident Baydenning g‘alabasini tasdiqlash jarayonini to‘xtatishga harakat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Wall Street Journal” nashri AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp Ukrainaga Rossiya bilan harbiy nizoni hududlarni qaytarmasdan muzlatishni va NATOga kamida 20 yilgacha qo‘shilishdan voz kechishni taklif qilishi mumkinligi haqida yozgandi. Nashrga ko‘ra, hozirda Tramp maslahatchilari urushni tugatishning aynan shunday ssenariysini muhokama qilmoqda. Harbiy harakatlar butun front chizig‘i bo‘ylab muzlatilgandan so‘ng demilitarizatsiya zonasi e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Biroq uning xavfsizligini kim ta’minlashi hozircha noma’lum. WSJ manbalaridan biri bu jarayonda AQSH qo‘shinlari yoki BMT kontingenti ishtirok etishini rad etgan. O‘z navbatida, NATOga yaqin 20 yil ichida a’zo bo‘lmaslikka rozi bo‘lish evaziga Tramp Ukrainani qurol bilan ta’minlashni davom ettirishga va’da beradi.
LiveBarchasi