Ilon Mask Trampni Oq uyga qaytarish uchun 260 mln dollar sarfladi
Olam
−
06 dekabr
2682Tesla, SpaceX va X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask Donald Trampning Oq uyga qaytishiga yordam berish uchun qariyb 260 million dollar sarfladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrda keltirilishicha, Ilon Mask prezidentlik kampaniyasining eng yirik siyosiy homiylaridan biriga aylangan va bu yilgi saylovlarning natijalariga juda katta ta’sir ko‘rsatgan.
AQSH prezidenti etib saylangan Tramp avvalroq Mask va Vivek Ramasvami hukumat samaradorligini oshirish va byurokratiyaga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadigan yangi idoraga rahbarlik qilishini e’lon qilgan edi. Trampning aytishicha, bu idora keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarni amalga oshirish maqsadida Oq uy va uning Ma’muriy-byudjet boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi.
Kecha, 5 dekabr kuni Federal saylov komissiyasiga kelib tushgan arizalar shuni ko‘rsatadiki, Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask Trampga ovoz beruvchilarni saralab olish uchun ishlagan America RAC’ga jami 238 million dollar ajratgan.
Mask, shuningdek, Trampni qo‘llab-quvvatlashga undovchi keskin reklamalarni chop etgan MAHA Alyansiga (Maha Alliance) 3 million dollar pul o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bloomberg” Maskning boyligi 348 milliard dollarni tashkil etib, tarixiy darajaga erishganini xabar qilgandi.
Ma’rufaliyeva Mohimbegim