Ilk marta Jahon kubogida ikki nafar o‘zbekistonlik mergan qatnashadi
Sport
−
13 Oktabr 2023 2686 1 daqiqa
Joriy yilning 18-26 noyabr kunlari Qatarning Doha shahrida o‘q otish sport turlari bo‘yicha Jahon kubogining final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Xalqaro o‘q otish sporti federatsiyasi mazkur musobaqada ishtirok etish uchun ilk bor O‘zbekiston terma jamoasining 2 nafar a’zosiga taklifnoma jo‘natdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mazkur sport turida Jahon kubogining final bosqichi yilda 1 marotaba o‘tadigan nufuzli turnir hisoblanadi. Unda o‘sha yil dunyo birinchiligida shohsupaga ko‘tarilgan 3 sportchi, shuningdek, yil davomida o‘tgan Jahon kubogining 6 ta bosqichida eng yuqori reyting ochkolarini jamg‘argan 12 nafar mergan ishtirok eta oladi.
Bu yilgi Jahon kubogi bosqichlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali kuchli 12 talikka kirgan Muhammad Kamolov hamda Vladimir Svechnikov pnevmatik to‘pponchadan otish dasturida final bahslarida qatnashadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari so‘nggi marta 2008 yil bunday nufuzli musobaqada o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazgan. Shunday qilib, tarixda birinchi marta O‘zbekiston 2 nafar sportchi bilan final bosqichiga yo‘l oldi.