Ilk bor ozarcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-ozarcha lug‘at nashr qilindi

Jamiyat

image

Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat Markazi loyihasi asosida O‘zbekistonda birinchi marta ozarcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-ozarcha lug‘at nashr etildi.

Mazkur loyihani amalga oshirishda Ozarbayjon va O‘zbekiston Milliy ilmiy akademiyalarining Tilshunoslik institutlari, har ikki mamlakatning ushbu sohadagi olimlari faol ishtirok etishdi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining boshqa loyihalarida bo‘lgani kabi, ushbu lug‘atni chop etishda Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘z ko‘magini ko‘rsatdi.

Qayd etish kerakki, yangi chop etilgan lug‘atda umuman olganda, 23 mingdan ziyod so‘z va iboralar har ikki tilda foydalaniladigan alifbo tartibida joylashtirilgan, harflar transkripsiyasi maxsus jadvalda o‘z aksini topgan.

Loyiha rahbari va so‘zboshi muallifi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat Markazi direktori Samir Abbosov hisoblanadi, tuzuvchi mualliflar – Nizomiy nomidagi Tilshunoslik institutining “amaliy lingvistika” bo‘limi mudiri, “Xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy” mukofoti sohibi, filologiya fanlari doktori, professor Ismail Mammedli, “Ozarbayjonning yaqin do‘sti”, o‘zbek adabiyotshunosi, tilshunosi Boboxon Muhammad Sharif, filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi Binnatova, sharqshunos – filolog Shohista Kamranli.

Lug‘atni chop etishda boshqa bir qator yetakchi olimlar ham qatnashdi. Ta’kidlash joizki, lug‘at Nizomiy nomidagi Ozarbayjon Milliy ilmiy akademiyasining Tilshunoslik instituti Olimlar kengashining joriy yilning 18 yanvaridagi hamda O‘zbekiston Milliy ilmiy akademiyasining adabiyot, til va folklor instituti Olimlar Kengashining joriy yilning 12 apreldagi qarorlariga ko‘ra chop etildi.

Qayd etish joizki, Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlarining madaniyati va tarixi kabi, bu ikki xalqning tillari ham umumiy ildizlarga borib taqaladi. Tarixiy taraqqiyotning turli yo‘llaridan o‘tishganiga qaramay, bu ikki tilning asosi, ildizi - turkiy til. So‘zboshida qayd etilishicha, ozarbayjon va o‘zbek tillari turkiy tillarning o‘g‘uz va qarluq guruhlariga mansub bo‘lib, yangi umumiste’moldagi lug‘atni chop etishning asosiy maqsadi bu tillar o‘rtasida ko‘prik yaratishdan iborat.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat Markazining ma’lumotiga ko‘ra, Ozarbayjon va O‘zbekistonda ilmiy jamoatchilik ishtirokida ozarcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-ozarcha lug‘atning taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

lug'at Ozarbayjon-O'zbekiston

Baholaganlar

8

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar