Ilk bor toshkentlik fuqaro uyida elektr toki ishlab chiqarib, sotishni boshladi

Jamiyat

image

Bugun, 3 noyabr kuni poytaxning Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan Energetika vazirligi tizimidagi Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, korxona fuqarodan elektr energiyasi sotib oladi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.R. xonadonida 6 kVt quvvatli kichik quyosh foto elektr stansiyasi o‘rnatib, ushbu stansiya orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishni boshlagan. 

Ushbu stansiya orqali yiliga 7 000 dan 10 000 kVt.soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 3 noyabr kuni mazkur xonadon egasi va Energetika vazirligi tizimidagi Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi o‘rtasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kichik ob’ektlaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida” shartnoma imzolangan.

“Endilikda ushbu xonadonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini hududiy elektr ta’minoti korxonasi tomonidan kafolatlangan tarzda sotib olinadi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur amaliyot Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 iyuldagi 610-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subektlarini yagona elektr energetika tizimiga ulash reglamenti”ga asosan amalga oshiriladi.

Bunda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektr energiyasini sotib olish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi PQ-4779-sonli qarorida belgilangan tarifga asosan amalga oshiriladi.

Ahamiyatlisi, shu kabi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotish – ASKUE tizimi doirasida o‘rnatilgan zamonaviy elektron hisoblagichlar orqali amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, shaxsiy quyosh fotoelektr stansiyalarini (1 MVt gacha) o‘rnatish istagida bo‘lgan fuqarolar stansiyalarini yagona energetika tizimiga ulangan holda foydalanishlari hamda o‘z ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yuqoridagi qarorlarga asosan shartnoma asosida sotishlari mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

668

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing