“Ilhom” teatrining Afg‘oniston haqidagi spektakliga taqiq qo‘yildi

Madaniyat-san’at

image

“Ilhom” teatrida 10 sentyabr kunidan namoyishi boshlanishi rejalashtirilgan “Yer osti qizlari” spektaklining premerasi noma’lum muddatga qoldirildi. Bunga Teatr arboblari uyushmasi tomonidan yo‘llangan xat sabab bo‘ldi.

Teatr arboblari uyushmasi raisi Yoqub Ahmedov imzosi bilan IIBB va Milliy Gvardiya boshqarmasiga yo‘llangan xatning surati “Ilhom” teatrining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan. Xatda spektakl o‘zbek-afg‘on xalqlarining tinch va barqaror yashashi, ikki tomonlama davlat aloqalariga putur yetkazishi mumkin ekanligi qayd etilgan.

"Ushbu spektaklda asosan, qo‘shni Afg‘onistonda yashayotgan insonlarning taqdiri, ayollarning qamoqqa olinishining halokatli oqibatlari, insonning asosiy huquqlari, mustaqil bo‘lish, bilim olish va o‘z taqdirini belgilashi, erkinligi uchun kurashishga harakat qilishi kabi masalalar o‘rin olgan ekan.

Afg‘onistonda ijtimoiy, diniy, va siyosiy ahvolni G‘arb dunyoqarashi asosida keng jamoatchilikka ko‘rsatish, milliy hamda diniy qadriyatlar va urf-odatlarni qoralash, o‘zbek-afg‘on xalqlarining tinch va barqaror yashashini, ikki tomonlama davlat aloqalariga putur yetkazishi mumkin.

Boshqa millatlarning urf-odatlari va milliy qadriyatlarini hurmat qilib, har tomonlama muhokama qilgandan so‘ng, jamoatchilik e’tiboriga havola qilinsa, maqsadga muvofiq", deyiladi uyushma xatida.

“Ilhom” teatrining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidagi xabarda namoyishi noma’lum muddatga qoldirilgan spektaklning taqdiri endilikda tuziladigan ekspertlar komissiyasining qaroriga bog‘liq ekanligi qayd etilgan.

“Ilhom” teatriga O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasidan spektakldagi ayrim mavzular yuzasidan xavotir bildirilgan rasmiy xat kelib tushdi. Shu munosabat bilan loyiha “ommaga namoyish qilish uchun tavsiya etilmagan”. Spektaklning keyingi taqdiri yaqin kunlarda tuziladigan ekspertlar komissiyasining qaroriga bog‘liq. 11 sentyabr kuni 47-teatr mavsumi ochilishi munosabati bilan barchani  “I love you, but” spektakliga taklif qilamiz. Ushbu sanalar uchun sotib olingan barcha chiptalar boshqa spektakllarga almashtirilishi mumkin yoki pulingiz qaytariladi”, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Adliya vazirligi ham “Teatr arboblari uyushmasi”ning xatiga munosabat bildirdi. Munosabatda qayd etilishicha “Teatr arboblari uyushmasi”ning 2022 yil 7 sentyabrdagi 01-02-71-son xati qonuniy kuchga ega emas.

Adliya vazirligining qayd etishicha, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning  4-moddasiga asosan, nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur Qonunning 8-moddasiga muvofiq, nodavlat notijorat tashkiloti qonunchilik va ta’sis hujjatlariga rioya etishi, moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi axborot bilan tanishish erkinligini ta’minlashi, o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etishi shart.
 
“Teatr arboblari uyushmasi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarining ommaviy tadbir o‘tkazishga ruxsatnoma berishi bilan bog‘liq munosabatlarga aralishishi ustav faoliyatidan chetga chiqish va qonunchilik talablarini buzish deb hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, “Teatr arboblari uyushmasi” qonunchilik hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida 2022 yil 10 sentyabr kuni yozma ravishda ogohlantirildi va davlat tashkilotlariga yuborilgan xatini ijrodan chaqirib olish haqida ko‘rsatma berildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ta’kidlanishicha, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasiga ko‘ra, teatrlar badiiy yo‘nalishlarni, repertuarni tanlashda, sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda erkindir.

“Ularning faoliyatiga aralashish madaniy faoliyat sohasidagi asosiy prinsiplardan biri bo‘lgan “ijodiy faoliyat erkinligi”ga ziddir

Shu bilan birga, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga ko‘ra, madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni targ‘ib etishga, shuningdek, o‘zga shaxslarning huquqlarini kamsitishga qaratilgan plakatlar, timsollar, transparantlardan va boshqa ashyolardan foydalanish taqiqlanadi.

Kelgusida nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ustav faoliyatidan chetga chiqish holati takrorlansa,  javobgarlik choralari ko‘rilishi va faoliyatini to‘xtatish yuzasidan sud organlariga murojaat qilinishi haqida ma’lum qilindi”, deyiladi Adliya vazirligi munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing