Ilhom Aliyev rafiqasi bilan O‘zbekistonga kelyapti
Jamiyat
−
20 avgust
8524Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva 22-23 avgust kunlari O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tashrif davomida ikki tomonlama aloqalar rivoji va birgalikda qilinayotgan ishlar muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 11 yillik tanaffusdan so‘ng 2022 yilning 21-22 iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirgandi. 15-16 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Samarqandga keldi. O‘sha yilning noyabr oyida esa Ilhom Aliyev rafiqasi – vitse-prezident Mehribon Aliyeva bilan Turkiy tilli davlatlar tashkilotining Samarqandda o‘tgan sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi.
O‘tgan yilning avgust oyida esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva davlat tashrifi bilan Ozarbayjonga bordi. Tashrif davomida Qorabog‘ga ham borildi va Fuzuliy shahrida O‘zbekiston tomonidan qurilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktab ochildi.
8 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga yetib keldi.
24 noyabrda esa Shavkat Mirziyoyev BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Bakuga bordi. Joriy yilning 5 iyul kuni ham Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga bordi.