Ilhom Aliyev rafiqasi bilan O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
22 avgust
6614Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva bugun, 22 avgust kuni O‘zbekistonga keldi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tashrif dasturiga muvofiq navbatdagi manzilga jo‘nab ketdi.
Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva 22-23 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Davlat tashrifi dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, ishbilarmonlik aloqalarini, shu jumladan hududlararo almashinuvni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish va boshqa masalalar diqqat markazida bo‘ladi.
Bundan tashqari, Prezidentlar ikki mamlakat biznesi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarda ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi bilan O‘zbekistonga kelayotgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi