Ilhom Aliyev rafiqasi bilan molxonaga aylantirilgan masjidga oyoqyalang kirib, uning devorlarini o‘pdi

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va vitse-prezident – mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Armaniston tomonidan bosib olingan va 9 noyabrda uch taraflama sulh (Rossiya – Vladimir Putin, Ozarbayjon – Ilhom Aliyev, Armaniston – Nikol Pashinyan – tahr.) sabab Ozarbayjonga qaytarilgan Ag‘dam shahrida bo‘lib, XIX asrga oid tarixiy masjidda bo‘ldilar. 

Eng avvalo, Prezident Ilhom Aliyev shahrining masjidga yaqin hududiga o‘rnatilgan Ozarbayjon bayrog‘i qarshisida tiz cho‘kib, uni o‘pib, yuz ko‘ziga surtdi. So‘ng vitse-prezident Mehribon Aliyeva bilan tarixiy masjidga yo‘l oldi. 

Xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan Armaniston hukmronligi davrida molxonaga aylantirilgani yozilgan va bugun vayronaga aylangan masjidga Prezident Ilhom Aliyev va Mehribon Aliyeva poyabzallarini yechib, oyoqyalang kirdilar. Ushbu holat aks etgan suratlar Prezident Matbuot xizmatining internet sahifasiga joylashtirildi. Davlat rahbari va uning rafiqasi masjidga kirish oldidan uning devorlarini o‘pishgan. 

Dunyo hamjiyati, ayniqsa, musulmon davlatlar xalqlarining diqqatini tortgan ushbu surat ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar kun tartibiga chiqdi. 

Prezident Matbuot xizmatiga ko‘ra, Mehribon Aliyeva masjidga qo‘lida Makkadan olib kelingan Qur’oni Karim bilan kirib, uni o‘pgan va masjid mehrobiga yaqin peshtaxtada qoldirgan.

Ular masjidda Qur’on tilivot qilishgan. So‘ng davlat rahbari ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi. 

“Bugun Ag‘dam shahrini vayronada ko‘rish juda achinarli. Biroq, bir necha yil oldin ushbu mintaqada, bizning xandaqlarimizda bo‘lganimda, masjidni durbin orqali ko‘rganman. Ushbu his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash qiyin, imkonsiz. O‘z yerlaringizdagi shaharni, masjidni uzoqdan durbin bilan ko‘rib, bu yerga kela olmaslik qanchalik og‘riqli ekanini bilsangiz edi. Aloqa chizig‘ida, xandaqda bo‘lganimda, qaytib keladigan va o‘z hududiy yaxlitligimizni tiklaydigan kun keladi, deb o‘ylagan edim. 

Bugun men Ag‘dam masjidiga Makkadan olib kelingan Qur’onni sovg‘a qildim. Men baxtli odamman, chunki to‘rt marta Makkaga tashrif buyurganman. Bir marta marhum otam bilan birga va uch marta Prezident sifatida. Muqaddas Ka’bada oila a’zolarim bilan namoz o‘qiganimdan baxtiyorman. Mening ham qalbimda har qanday odamning yuragidagi kabi tuyg‘ular bor. Men duolarida birinchi bo‘lib yerlarimizni ishg‘oldan ozod qilish haqida so‘rardim. Allohdan menga kuch berishini, bu yerlarni ishg‘oldan ozod qilishimizni, bu baxtni bizga nasib etishini va yana ota-bobolarimiz yurtiga qaytishimizni so‘rardim. 

Bugun bu yerda, buzg‘unchilar tomonidan vayron qilingan masjid oldida men o‘zimni baxtli odamman deb aytaman. Duolarimni eshitgani va menga shu kuchni bergani uchun yana bir bor Allohga shukur aytaman. Kuchlarimizni safarbar etib, biz ushbu tarixiy kunlarni boshdan kechirmoqdamiz. Bu haqiqatan ham tarixiy kunlar. Ehtimol, Ozarbayjonning ko‘p asrlik tarixida bunday shonli va g‘ururli kunlar bo‘lmagan. Bunga biz birdamligimiz, kuchimiz evaziga erishdik. Hech kim bizga yordam bermadi. Aksincha, halal berishdi. Sizga bu haqda batafsil aytib beradigan kun keladi”, deydi Ilhom Aliyev. 

Ag‘dam markazida joylashgan ushbu masjid 1870 yilda qurilgan. 1992 yilda Xo‘jali Armaniston tomonidan bosib olingandan keyin Ag‘damdagi ushbu tarixiy masjid vayronaga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Mehribon Alieva

Baholaganlar

1067

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing