Ikrasevar Kim semizlikdan qiynalmoqda – OAV
Olam
−
19:02 1494 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning vazni 140 kilogrammdan oshib ketdi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedka agentligi ma’lumotlariga tayanib, AFP xabar berdi.
Janubiy Koreya parlamenti deputati Yun Gon Yonning aytishicha, razvedka agentligi Kim Chen Inning holatini o‘ta semiz deb baholagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisi yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishi xavfi yuqori bo‘lgan guruhga kiradi. Biroq Kim Chen In jismoniy faollikda, jumladan, zinadan chiqishda qiyinchilikka duch kelmayapti.
Shuningdek, uning sog‘lig‘i maxsus tibbiy guruh tomonidan muntazam kuzatib borilayotgani va hozircha jiddiy muammolar kuzatilmayotgani aytilgan.
Qayd etish joiz, Kim Chen Inning sog‘lig‘i haqidagi xavotirlar 2020 yilda kuchaygan. O‘sha paytda u bobosi Kim Ir Senning tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda qatnashmagan va qariyb 20 kun jamoatchilik ko‘zidan chetda qolgan. Kim Chen Inning otasi Kim Chen Ir va bobosi Kim Ir Sen ham ortiqcha vaznga ega bo‘lgan va ko‘p chekkan. Ularning ikkalasi ham yurak xurujidan vafot etgan.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya yadroviy qurol dasturi sabab bir nechta xalqaro sanksiyalar ostida qolgan. Mamlakat iqtisodiyoti uzoq yillardan beri muammolar bilan yuzlashib keladi va oziq-ovqat tanqisligi ham saqlanib qolmoqda.
BMTning Shimoliy Koreyadagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Elizabet Salmon fevral oyida mamlakatdagi oziq-ovqat tanqisligi asosiy gumanitar muammolardan biri ekanini bildirgan.
2019 yilda Shimoliy Koreya va AQSH sammiti vaqtida Kim Chen Inning shaxsiy oshpazlari bilan ishlagan Xanoydagi “Metropol” mehmonxonasi bosh oshpazi Pol Smart esa Shimoliy Koreya yetakchisi qimmatbaho taomlarni xush ko‘rishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kim Chen In ikra, omar va fuagra kabi taomlarni yoqtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In Rossiya bilan qo‘shma hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish niyatida ekanini ma’lum qilgandi hamda Rossiyaning Ukrainadagi urushdagi g‘alabasiga ishonch bildirgan edi.
Live
BarchasiTo‘qayev Putinni atoqli davlat arbobi deb atadi
29 Sentyabr