Ikkilamchi bozorda uy-joy narxi bir yilda 7,4 foizga qimmatladi
Jamiyat
−
20 noyabr 2025 2608 2 daqiqa
Oktyabr oyida uy-joy oldi-sotdi bitimlari 12 foizga oshib, 27,1 mingtani tashkil etdi. Bu 2023 yil avgustidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining oktyabr oyidagi O‘zbekiston uy-joy bozori dinamikasi bo‘yicha yangilangan tahlilida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, oktyabr oyida uy-joy bozoridagi faollik o‘sishi respublikaning barcha hududlarida qayd etilgan. Eng katta oylik o‘sish Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida kuzatilib, bu hududlarda uy-joy oldi-sotdi bitimlari o‘rtacha 26 foizga ko‘paygan. Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida esa o‘sish mӯ’tadil bo‘lib, mos ravishda taxminan 2% va 4 foizni tashkil etgan. Mamlakatdagi uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan oy poytaxtda savdo hajmi oylik hisobda 5,3 foizga, yillik hisobda esa 32 foizga oshgan.
Tahlilda keltirilishicha, ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar dinamikasi oktyabr oyida biroz tezlashgan. Bir oy ichida 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 2,4 foizga oshgan, sentyabrda bu ko‘rsatkich 0,6% bo‘lgan.
Shuningdek, o‘tgan yil oktyabriga nisbatan hisoblaganda, ikkilamchi bozorda o‘rtacha narx 1 kv. metr uchun 7,4 foizga o‘sgani qayd etildi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Namangan viloyatlarida qayd etilib, bu hududlarda uy-joy narxlari taxminan 20 foizga oshgan.

Toshkentda uy-joy bozori
Oktyabr oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar deyarli o‘zgarmasdan qoldi, o‘rtacha o‘sish 0,7% atrofida bo‘ldi. Yillik hisobda, o‘tgan yil oktyabr oyiga nisbatan, poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari 1 foizga pasaygan. Eng sezilarli tushish Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida qayd etilgan, bu yerda o‘rtacha narxlar taxminan 5 foizga arzonlashgan.
Poytaxtning birlamchi uy-joy bozorida esa aksincha, narxlar o‘sishi kuzatilmoqda. Oktyabr oyida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narx yillik hisobda 2,1 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish Bektemir, Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda narxlar o‘rtacha 5,5 foizga o‘sgan.

Toshkentda ijara bozori
Oktyabr oyida poytaxtda o‘rtacha ijara stavkalari o‘tgan oy darajasida qolib, 1 kv.m uchun 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy hududlari Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda, bu hududlarda 1 kv. metr uchun o‘rtacha ijara haqi taxminan 10,2 dollarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, o‘tgan yil oktyabriga nisbatan Toshkentda uy-joy ijara narxlari 1,6 foizga oshgan. Eng katta o‘sish Bektemir, Yashnobod va Sergeli tumanlarida qayd etilgan, bu tumanlarda ijara narxlari o‘rtacha 9 foizga ko‘tarilgan.
Live
Barchasi