Ikki yetakchi fraksiya — bir “blok”ka birlashdi
Jamiyat
−
05 may 2025 7892 3 daqiqa
Bugun, 5 may kuni O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Taraqqiyot bloki”ni tashkil etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Ikki siyosiy partiya fraksiyalari bir “blok” — “Taraqqiyot bloki”ga birlashish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda dastlab, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov so‘z olib, mazkur qarorni — mamlakat siyosiy hayotida, ayniqsa Parlament faoliyatida mustahkam hamkorlikni ta’minlash, barqaror va samarali qonun ijodkorligi faoliyatini tashkil etishda yangi sahifa ochadigan muhim qadam, deya ta’kidlagan.
Shuningdek, “Taraqqiyot bloki” Prezident boshchiligida mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, bu boradagi ishlarni izchil va qat’iy davom ettirishi, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, uni amalga oshirishga qaratilgan hukumat dasturini to‘la qo‘llab-quvvatlashi hamda hayotga tatbiq etilishini ta’minlashda bor imkoniyatlarini safarbar etishi qayd etildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ikkala partiya dasturiy qarashlar, maqsad va vazifalar jihatidan o‘zaro yaqinligini ta’kidlab, — “Taraqqiyot bloki” barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish, ko‘p asrlik milliy-tarixiy tajribaga tayanib faoliyat yuritish, qadriyatlarga tayangan taraqqiyotni rivojlantirishda muhim deb, hisoblashini bildirdi.
Yig‘ilishda har ikkala fraksiya a’zolarining kun tartibidagi masala yuzasidan munosabatlari eshitildi.
Yig‘ilish yakunida Qonunchilik palatasida “Taraqqiyot bloki”ni tashkil etish to‘g‘risidagi masala ovozga qo‘yildi va yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Muhokama yakunlariga ko‘ra, Tabirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalari qo‘shma faoliyatining asosiy shartlari va ustuvor yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi ikki tomonlama Bitim imzolandi.
“Taraqqiyot bloki”ning ustuvor faoliyat yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
- milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va eksport salohiyatini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish;
- har bir fuqaroning xususiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligini rag‘batlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- so‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish;
- ta’lim sifatini oshirish va inson salohiyatini rivojlantirish, nodavlat ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;
- sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish;
- soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritish;
- davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
- fuqarolarga shaxsiy tanlov imkonini beruvchi xususiy jamg‘arma pensiya tizimini yaratish, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan zamonaviy, shaffof pensiya tizimiga o‘tish;
- mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.
Live
Barchasi