Ikki yashar qizcha 250 ta magnit yutib yubordi

Olam

−

image

Rossiyada 2 yashar qizcha bir vaqtning o‘zida 250 ta magnitni yutib yubordi. Morozov nomidagi shifoxona shifokorlari qizchani qutqarib qoldi. Bu haqda “Gazeta” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ota-onasi qizchasini kuchli yo‘tal bilan shifoxonaga olib borgan. Tekshiruv davomida shifokorlar uning oshqozonida begona jismlar to‘planib qolganini aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, bola magnit sharchalarni yutib yuborgan.

Mutaxassislarning bildirishicha, magnitlar oshqozondan ichakka o‘tib, ichak devorlari orqali bir-biriga tortilishi mumkin. Buning oqibatida ichak devorlarida teshiklar paydo bo‘lsa, ichakdagi moddalar qorin bo‘shlig‘iga tushib, yallig‘lanishga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli shifokorlar tezkor harakat qilgan.

Avval jarrohlar kichik kesmalar orqali kiritilgan kamera yordamida qizchaning ichaklarini tekshirgan. Ichaklar zararlanmaganiga ishonch hosil qilgach, shifokorlar maxsus endoskopik asboblar yordamida qizilo‘ngach orqali oshqozondagi 250 ta magnitning barchasini chiqarib olgan.

Ma’lum qilinishicha, bemorning ahvoli yaxshi. U shifoxonadan chiqarilishga tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda shifokorlar homila hali ona qornidaligida uning o‘pkasidagi 5 santimetrlik o‘smani maxsus igna yordamida yo‘q qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing