Ikki viloyatda mansabdorlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
13:02 2586 2 daqiqa
Toshkent va Navoiy viloyatlarida davlat tashkilotlarining bir guruh mansabdorlari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Toshkent viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limi inspektori fuqaroga davlat zaxirasida bo‘lgan 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat va uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini tayyorlab berish evaziga 2200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
So‘ngra, u ushbu pul mablag‘idan 200 AQSH dollarini o‘z ulushi sifatida olib qolib, qolgan qismini tuman bo‘limi boshlig‘iga berish kerakligi ma’lum bo‘lgan. Davom ettirilgan tezkor tadbirda tuman bo‘lim boshlig‘i 2 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.
Yana boshqa holatda esa, DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQK departamenti hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Navoiy suv ta’minoti” AJning tumanlardan biridagi bo‘limi mashinisti mahalliy fuqaroni mansabdor tanishlari orqali ushbu tizimga operatorlik vazifasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
.jpg)
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, undan mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida muqaddam sudlangan bosh muhandis ushlangan. Bundan tashqari, ushbu noqonuniy ishga tuman bo‘limi boshlig‘i ham aloqadorligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Bildirilishicha, hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida shifoxonaga ishga joylab qo‘yishni va’da qilib, buning evaziga pul talab qilganlar qo‘lga tushgan edi.
Live
Barchasi