Ikki viloyatda hokim yordamchilari imtiyozli kreditlarni talon-toroj qildi
3-sahifa
−
15 iyul 5183 2 daqiqa
Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilarining fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirishi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “U.T.” va “Q.A.” MCHJlarning mas’ul shaxslari, “Qayirma” MFY hokim yordamchisi hamda boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan. Ular xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan amalda bajarilmagan ishlarni hujjatlarda bajarilgandek rasmiylashtirib, 442,3 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, departamentning Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Toshkent” MFY sobiq hokim yordamchisi va boshqalar mazkur mahallada yashovchi 8 nafar fuqaroga ajratilgan 248 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “L.A.” MCHJ rahbari A.K. va “Forobiy” MFY sobiq hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 163 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida omonat hamda kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar aniqlangandi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust