Ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi Jahon kubogida qatnashadi
Sport
−
31 may 2019
4644Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha Jahon kubogining Markaziy Osiyo saralash bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Erkaklar va ayollar o‘rtasida kechgan qiziqarli bellashuvlar yakuniga ko‘ra 2 nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi Jahon kubogining final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Eng qiziqarli yakun ayollar toifasida kechdi. Zero, so‘nggi tur avvalidan imkoniyati raqibalariga qaraganda biroz pastroq bo‘lgan Nilufar Yoqubboyeva raqibalariga qaraganda omadliroq chiqdi. Ayollar o‘rtasida 3 ishtirokchi musobaqani bir xilda 7 ochkodan jamg‘arib yakunlashdi. Yakunda qo‘shimcha ko‘rsatkichlari ustun bo‘lgan Yoqubboyeva oltin medal bilan birga Jahon kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida ham musobaqa yakunida yakka peshqadam aniqlanmadi. O‘tkazilgan 9 tur yakuniga ko‘ra o‘zbekistonlik Rustam Qosimjonov va qozog‘istonlik Rinat Jumaboyev bir xil 6,5 ochkodan jamg‘arishdi. Bu borada qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha qozog‘istonlik grossmeysterda ustunlik qildi. Reglamentga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida dastlabki ikki o‘rin eglariga Jahon kubogining hal qiluvchi bosqichiga yo‘l olish nasib etardi. Shu tariqa, Qosimjonov ham nufuzli musobaqada ishtirok etadigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, ayollar o‘rtasidagi Jahon kubogi 2020 yilning 21 sentyabr – 15 oktyabr Belarus poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tsa, erkaklar o‘rtasidagi turnir shu yilning 9 sentyabr – 2 oktyabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkaziladi.
LiveBarchasi